Samarqandda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilgan

Bu haqda viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Malumotlarga ko‘ra, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik Payariq tumanida 68, Jomboy tumanida 69, Oqdaryo tumanida 74, Qo‘shrabot tumanida 75, Bulung‘ur va Kattako‘rg‘onda 76, Narpayda 77, Nurobodda 78, Toyloq va Urgutda 79, Paxtachida 80 foizga bajarilgan, xolos.

Umuman, viloyatimizda 127 ta qishloq vrachlik punktlari, 43 ta qishloq oilaviy poliklinika, 16 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 11 ta shahar oilaviy poliklinikalar mavjud.

Joriy yilda birlamchi tibbiy sanitariya muassasalari orqali 1 million 916 ming 911 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 31 foizi yoki 573 ming 871 nafarida turli kasalliklar aniqlangan.

Tibbiyot birlashmalarining mas’ul xodimlari va rahbarlarining mas’uliyatsizligi tufayli hududlarda ko‘payib borayotgan birlamchi kasalliklarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmagan. Kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash, asoratlarining oldini olish maqsadida tibbiyot birlashmasining tor soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilgan.