Samarqandda dekan o‘rinbosari talabadan 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi
30 mart kuni viloyat IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand pedagogika kolleji binosi oldida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Unda Samarqand davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti dekani o‘rinbosari lavozimida ishlovchi Sherzod P. ushbu fakultetning birinchi bosqich talabasi Shahnoza I.ni psixologiya fanidan oraliq nazorati imtihonini ijobiy hal qilish va uni yakuniy imtihonga kiritish evaziga 500 AQSh dollarini tadbir ishtirokchisi B.B.dan olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida Sherzod P. dan 500 AQSh dollari pul mablag‘lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sherzod P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.