Samarqandda elektrotexnika yo‘nalishida yirik ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishi mumkin
Prezident huzurida elektrotexnika sohasida yangi zaxiralarni safarbar qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Qilinishi lozim navbatdagi ishlarga to‘xtalarkan, davlat rahbari, eng avvalo, joriy yilda ishlab chiqarishni kamida 20 foizga oshirish vazifasi qo‘ydi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi yangi loyihalar bo‘yicha tinimsiz izlanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Misol uchun, 2021 yilda o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan 1,3 mlrd dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilingan.
Joriy yilda 500 ming xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu, ularga suv isitish qozon va quyosh kollektorlari, suv hisoblagichlari kerak, degani.
Umuman, joriy yilda 250 million dollarlik 86 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Lekin bu yetarli emasligi qayd etildi va yangi bir qator loyihalar bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda mutasaddilarga yana 1,5 milliard dollarlik yangi loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hokimlariga Toshkent shahridagi “Texnopark” kabi elektrotexnika klasterlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.