Samarqandda faxriy va faollar uchun bayram tashkil etildi
Bir piyola choy ustida kechgan suhbatlarda 2018 yil samarqandliklar hayotida qanday iz qoldirgani, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va kelgusidagi rejalar xususida so‘z bordi.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov yig‘ilganlar, ularning timsolida barcha samarqandliklarni Yangi yil ayyomi bilan qutlar ekan, aholining ijtimoiy muhofazasi, har bir fuqaroning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashi yo‘lida davlat tomonidan olib borilayotgan ulkan islohotlar haqida so‘z fikr bildirdi.
- Shu yili xonadonimiz darvozasiga «Bu uyda I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan fuqaro Hakima G‘ulomova istiqomat qiladi», degan yozuvli peshlavha ilindi, - deydi «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi faoli H.G‘ulomova. – Bu yozuvga ortiqcha izoh shart emas, nazarimda. Shu fikrning o‘ziyoq mamlakatimizda faxriylarga qaratilayotgan e’tiborga yaqqol misol bo‘la oladi. Garchi nafaqa yoshida bo‘lsam-da, bu rag‘batdan jamoat ishlarida yanayam faol mehnat qilish, odamlarga ko‘proq nafimiz tegishi uchun qalbimizda ishtiyoq paydo bo‘ldi.
- Shu yili men uchun unutilmas yil bo‘ldi, - deydi tadbirkor, «Eko-planeta» korxonasi rahbari S.Salimova. - Qo‘shni davlatlar bilan aloqamiz yaxshilangani uchun ushbu davlatlarda o‘tkazilgan yarmarkalarda o‘z mahsulotlarimiz bilan ishtirok etdik. Hamkorlarimiz, mahsulotimizga haridorlarimiz yanada ko‘paydi. Kelgusi yil bu ishlarning natijasini ko‘ramiz, degan umiddaman.
Poytaxtimizdan kelgan O‘zbekiston xalq artistlari Sherali Jo‘rayev, Ortiq Otajonov, Munojot Yo‘lchiyeva, Nasiba Abdullayeva, Matluba Dadaboyeva va boshqa xalq suygan san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Gulruh MO‘MINOVA.