Samarqandda fuqarolar tanlovi asosida 209 ta qurilish-ta’mirlash ishlari bajariladi, bu loyihalarga 114,7 milliard so‘m ajratiladi
Endilikda jamoatchilik fikri asosidagi loyihalarni byudjetdan moliyalashtirish kengaytiriladi. Ya’ni, aholi tomonidan yo‘l, maktab, bog‘cha qurish, gaz, ichimlik suvi tortish kabi infratuzilmalarni rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish bilan bog‘liq ishlar "SMS" ovoz yig‘ish orqali tanlanadi.
Eng ko‘p ovoz olgan tadbirlar, ya’ni aholi tomonidan eng muhim deb hisoblanganlari davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladi. Xuddi shu tartib "Fuqarolar byudjeti" deb nomlanadi. Hozirda ko‘pchiligimiz bundan xabardormiz va qator loyihalarni moliyalashtirishda ovoz ham beryapmiz. Quyida 2022 yilda Samarqandda aynan fuqarolar tanlovi bilan moliyalashtiriladigan ob’yektlar ro‘yxati bilan tanishasiz.
Samarqand viloyatida 2022 yilda tashabbusli byudjet jarayonida 209 ta takliflar g‘olib deb topilgan va ushbu tadbirlar uchun jami 114,7 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
G‘olib takliflarni sohalar kesimida tahlili:
- Umumta’lim maktablarini ta’mirlash - 53 ta;
- Ichki yo‘llarni ta’mirlash - 70 ta;
- Sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash - 11 ta;
- Maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlash - 33 ta;
- Ichimlik suvi va oqava tizimini yaxshilash - 5 ta;
- Ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish yoki ta’mirlash - 2 ta;
- Mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarini ta’mirlash - 14 ta;
- Elektr tarmog‘ini yaxshilash - 9 ta;
- Bolalar o‘yingohlarini barpo etish - 4 ta va boshqalar.
Ushbu g‘olib takliflarni moliyalashtirish bo‘yicha hududiy ishchi kommissiyalar tomonidan manzilli dasturlar ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda 147 ta taklif bo‘yicha manzilli dasturlar halq deputatlari Kengashlarida tasdiqlangan, 59 ta taklif Kengashda ko‘rib chiqish jarayonida va 2 ta taklif rad etilgan.
Hududiy moliya bo‘limlari tomonidan 147 ta takliflar bo‘yicha tasdiqlangan manzilli dasturlarga asosan alohida hisob-raqamlar ochilgan bo‘lib jami 82,2 mlrd. so‘m mablag‘ tashkilotlar hisob-raqamlariga rejalashtirilib berilgan.
Shundan 12 ta takliflarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, 125 tasi ishlab chiqish jarayonida va 10 ta taklifga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqish talab etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi "Byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"ga qarori qabul qilingan.
Shuningdek, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman va shaharlar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshirilgan.
Jasur Yuldashev,
viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.