Samarqandda ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadimi?

Samarqand viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2019 yillar davomida Samarqand shahrida 44,1 mlrd. so‘mlik suv tarmoqlarini qurish, mavjud suv tarmoqlari hamda oqova suv quvurlarini rekonstruksiya qilish va yangilash ishlari rejalashtirilgan.

Jumladan, o‘tgan davrda “Samarqand viloyatining obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi”dan ajratilgan ushbu mablag‘lar asosida Kimyogarlar shaharchasida jami 4,42 kilometr eskirgan ichimlik suv tarmoqlari yangisiga almashtirildi. Shuningdek, 2 ta suv inshooti atrofida himoya devori, 1 ta yangi suv qudug‘i qurilib, 1 tasi ta’mirlandi. Narpay ko‘chasida 2,3 kilometr oqova suv tarmog‘i, Motrid qo‘rg‘onida 7,4 kilometr oqova va 2 kilometr ichimlik suv tarmoqlari yotqizilgan.

Joriy yil yakunigacha Motrid qo‘rg‘onida 11,4 kilometr oqova suv tarmoqlari va 1 dona nasos stansiyasi (KNS), “Charxin” suv inshootini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Samarqand shahridagi Sartepa, So‘g‘diyona, Mikrorayon «A» va «B» massivlaridagi jami 15 kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmoqlari almashtiriladi.

Kattaqo‘rg‘on shahri (800 mln. so‘m), Paxtachi (5 mlrd. so‘m), Payariq (9 mlrd. so‘m), Urgut (3,7 mlrd. so‘m) va Nurobod (2,1 mlrd. so‘m) tumanlarida jami 20,6 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan suv inshootlari va tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.