Samarqandda “Issiqlik manbai” DUK ishchilarining to‘lanmagan 29 million so‘mdan ko‘proq ish haqi undirib berildi

Samarqand shahar adliya bo‘limiga “Kommunal Navqiron Servis” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatida chilangar bo‘lib ishlovchi S.Savchenko olti oydan buyon ish beruvchi uning oylik ish haqini bermayotganligini aytib murojaat qildi.

Murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganda shirkat Sergiy Savchenkoga va yana ikki nafar xodimiga oylik ish haqlarini to‘lamay kelinayotganligi aniqlandi. Ishchi-xodimlar manfaatidan kelib chiqib, adliya bo‘limi fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudiga ariza kiritdi. Sudning tegishli buyrug‘i asosida ishchi-xodimlarga 12 million 641 ming so‘m miqdoridagi ish haqlari undirib berildi.

Shuningdek, “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasida ishlovchi fuqaro Navro‘z Haydarov ham shunday mazmundagi shikoyat bilan murojaat qildi. O‘rganish davomida korxona tomonidan xodimga 4 million 190 ming 426 so‘m ish haqi hisoblanganligi, ammo to‘lab berilmaganligi aniqlandi. Shu bilan birga korxonada ishlovchi yana 12 nafar xodim ham maoshini ololmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudida ko‘rib chiqilgan ish xulosasiga asosan korxona tomonidan xodimlariga hisoblangan 29 million 595 ming 401 so‘m miqdoridagi ish haqlari undirildi.

Maqsud AMIROV,

Samarqand shahar adliya bo‘limi yetakchi mutaxassisi.