Samarqandda joyi, manzili bor-u nomi yo‘q hududlar qancha? Ularga qachon nom beriladi?
Samarqand viloyatida hamon nomsiz ko‘cha, qabriston, ziyoratgoh, istirohat bog‘lari va maydonlar mavjud.
Ularni nomlash bo‘yicha yaqinda viloyatda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Barcha tuman va shaharlarda nomsiz joylar o‘rganib chiqildi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 100 ta nomsiz (tor va berk) ko‘cha mavjud bo‘lib, ularni nomlash bo‘yicha takliflar berildi. Samarqand shahrida nomsiz ko‘chalar soni 15 ta bo‘lib, ularga ham yangi nomlar beriladigan bo‘ldi. Masalan, shaharning Galaosiyo mahallasida 5 ta nomsiz ko‘cha bo‘lib, ularga Ulug‘bek yulduzlari, Galaosiyo, Kamar, Shivar, Shivaribolo degan nomlar taklif qilindi.
Bundan tashqari, barcha tumanlardagi nomsiz ko‘chalar aniqlandi.
Viloyat hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqdaryo, Qo‘shrabot, Toyloq, Bulung‘ur, Urgut, Ishtixon, Payariq, Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi nomsiz hududlarni nomlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi davlat reyestri bazasida mavjud bo‘lmagan 140 ta ko‘chani ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘rganish jarayonida Bulung‘ur tumanidagi 11 ta aholi punkti nomi qonun talablariga zid bo‘lgani uchun yangi nom beriladigan bo‘ldi. 93 ta qabriston, 3 ta maydon va 4 ta ziyoratgohni nomlash bo‘yicha takliflar berildi.
Payariq tumanidagi nomsiz 128 ta qabriston, 2 ta istirohat bog‘i va maydon aniqlandi.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 6 ta mahalla nomi qonun talablariga zid deb topilib, ularga yangi nom beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, 184 ta qabriston, 3 ta maydon, 5 ta ziyoratgoh va 2 ta istirohat bog‘ini nomlash bo‘yicha takliflar berildi.
Viloyat hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiya shahar va tumanlardagi nomsiz, qonun talablariga zid yoki takror bo‘lgan joy nomlarini nomlash bo‘yicha takliflarni o‘rganib chiqdi. Tavsiya etilayotgan takliflar respublika komissiya tomonidan tasdiqlangach, viloyatda nomsiz hududlar qolmaydi.
Xurshida Ernazarova.