Samarqandda karantin paytida avtohalokat, tan jarohati yetkazish oqibatidagi xastaliklar uchramayapti

Inson vujudi karantinga qarab o‘tirmaydi, og‘rib qolsa, shifokorga murojaat qilish kerak. Ayniqsa, shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan xastaliklarni davolash uchun, bugun boshqa soha vakillari uyda o‘tirib, masofadan ishlayotgan bir paytda, shifokorlar o‘z xizmat vazifalarini shifoxonalarda, ish joylarida bajarmoqdalar.

Karantin paytida respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali qay tarzda ish olib bormoqda?

– Shifoxonamizdagi barcha ishlar ayni kunlarda yurtimizdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, aniq talablar asosida olib borilmoqda, – deydi  Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali bosh vrachi Bahodir Egamov. –  Muassasaga kirish faqat bitta darvozadan amalga oshirilmoqda. Shaxsiy avtomobillarda keltirilgan bemorlar darvoza oldida shifokorlar nazorati ostida maxsus mashinalarda, dezinfeksiya ishlari zudlik bilan amalga oshirilgach, olib kirilmoqda. Kelayotgan har bir bemorning harorati o‘lchanib, so‘ng tekshiruvlar amalga oshiriladi. Bemorlarning yaqinlariga shifoxona hududiga kirishi qat’iyan man etilgan. Bemorlar asosan “103” chaqiruvi bilan kelayotir. Tegishli tibbiyot jihozlari va mutaxassislar bo‘lmagan holatlardagina tuman va viloyatning boshqa shaharlaridan bemorlar tibbiyot birlashmasi yo‘llanmasi bilan davolanish uchun kelmoqda. Buning uchun hech qanday taqiq yo‘q. Ayni paytda 350 kishiga mo‘ljallangan shifoxonada yuzga yaqin bemor davolanmoqda. Bu transport vositalari harakatining cheklanishi tufayli boshqa viloyatlar vakillari kelishi holati kamayganligi bilan izohlansa-da, ammo boshqa sabablari ham mavjud. Misol uchun, bundan bir necha hafta ilgari markazga qariyb har kuni avtohalokat natijasida og‘ir holatda keladigan bemorlar soni 3-4 nafarni tashkil qilardi. Shuningdek, janjallashish oqibatida bir-biriga og‘ir tan jarohati yetkazish holatlari ham har kuni uchrab turardi. Keyingi haftada bu kabi og‘ir holatlar bilan markazga umuman murojaat bo‘lmadi. Restoran, turli ko‘ngilochar maskanlarning ishlamayotgani tufayli spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq ichish, to‘yib ovqatlanish natijasida kelib chiqadigan xastaliklar shu haftada qayd etilmadi.

Yana bir turdagi, ilgari juda ko‘p uchraydigan holat, ya’ni infarkt, insult holatlari, qon bosimining keskin ko‘tarilishi xam keskin kamaydi.

Bosh shifokor aytgan o‘zaro janjallar, avtohalokatlar tufayli kelib chiqadigan holatlar kamaygani sababini tushunsa bo‘lar. Ammo qon bosimi ko‘tarilishi, yurak faoliyati bilan bog‘liq xastaliklar kamayishi ayni paytdagi vaziyatga nechog‘lik bog‘liq? B.Egamov bu savolimizga «ehtimol, bu oila a’zolarining uyda, xotirjamlikda ekanidandir» deb javob berdi.

Oila davrasida vaqt o‘tkazish, farzand, nevaralar bilan muloqot ham kishi salomatligida muhim ahamiyatga ega ekanligi, hozircha mutaxassis tavsiyalaridan o‘rin olmagandir. Lekin endilikda oila davrasining inson salomatligi uchun nechog‘lik ahamiyatliligi alohida tadqiq etilar.

Darvoqe, shifoxonada tana harorati baland bemorlar uchun maxsus izolyasion palatalar ham tashkil etilgan bo‘lib, hozirgacha xuddi shunday yetti nafar bemorning qon tahlillari koronavirusga tekshirish uchun maxsus laboratoriyaga jo‘natilgan. Natija manfiy chiqqan.

  Gulruh MO‘MINOVA.