Samarqandda lift muammosi qachon hal bo‘ladi?

Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholining liftlarni ishlamayotgani yoki tez-tez buzilib turishidan norozi bo‘layotganini ko‘p eshitganmiz.

Liftda qamalib qolgan mehmon

So‘g‘diyona massividagi «So‘g‘diyona» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 10 ta ko‘p qavatli uyning 6 tasida lift bor. 58-uyda liftlar bir ishlab, bir ishlamaydi. Uyda yashovchilar liftning tez-tez buzilishi, uning kabinasidagi qurilmalar ishdan chiqqanligi haqida e’tiroz bildirishdi. Haqiqiy ahvolni bilish maqsadida mazkur uyning 1-yo‘lagidagi liftga kirdik. Eshik ochildi, ammo, tepaga ko‘tarilishning ilojini topmadim. Chunki kerakli qavatga chiqish tugmalari yo‘q, borlari ham ishdan chiqqan. Kirishga kirdimu, chiqishim uchun naqd 10 daqiqa kerak bo‘ldi. Chunki liftda chiqishni bildiruvchi tugmasi yo‘q edi. Lift kabinasidan turib, shu yerda yozib qo‘yilgan santexnik va lift ustasining telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildim. Afsuski, birortasi ishlamadi. Taqillatdim, lekin hech kim yordamga kelmadi. Nihoyat, kuch bilan eshikni ochib, tashqariga chiqdim. Shu uyda yashovchilardan biri «Kecha ham bir mehmon qamalib qoluvdi, zo‘rg‘a chiqarib oldik» dedi.

Shu uyning ikkinchi yo‘lagidagi lift maxsus elektron kalit yordamida ishlatilar ekan. Bunaqa kalit shu yo‘lakdagi hamma xonadon egalariga berilgan ekan. 65-uyning lifti ham tez-tez buziladi.

- Uyimizda yosh bolali, nogiron, keksalari bo‘lgan oilalar ham bor, - deydi Galina Mizinova. – Ular maktabga borishga, bozor-o‘char qilish uchun tushib-chiqishga qiynalishadi. Ayrim xonadon egalari lift ishlamagach, pastga tushishga erinib, chiqindilarini derazadan otib yuborishadi. O‘zim birinchi qavatda yashasam-da, ularning qiynalayotganini ko‘rib turaman. Shirkatdagilar 4-5 yil ilgari liftlarni to‘liq almashtiramiz deb faqat kabinalarini almashtirishdi, ammo asosiy harakatga keltiruvchi qismlari eskiligicha qoldi.

«Yanga, lift yana ishlamayapti, 15 ming so‘m bering»

Shirkat joylashgan 66-uyda ham lift ishlamayotgan ekan. Uyning 6- qavatida yashovchi Dilrabo Elmurodovaning jig‘ibiyroni chiqib pastga tushayotganiga guvoh bo‘ldim.

– Uyimizdagi lift tez-tez buzilib qoladi, - deydi opa. - Mana bugun ham ishlamayapti. Oyog‘imga protez qo‘yilgan, zinadan chiqib-tushishga qiynalaman. Ta’mirlab berishlarini so‘rab shirkatga murojaat qilsak, liftlar eski, allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan, degan javobni eshitamiz. Majburlikdan har bir xonadondan 10-15 ming so‘mdan pul yig‘ib, usta chaqiramiz. 4-5 kun ishlaydimi yo‘qmi, elektr toki bir o‘ynasa, tamom, yana shu ahvol. Yana «yig‘a-yig‘» boshlanadi. Qo‘shni 66-uy liftining yuk ko‘tarish qurilmasi o‘g‘irlab ketilgan. Shundan beri ishlamaydi.

Nega lift ishlamay qolsa, darrov aholi pul yig‘ishni boshlaydi? Axir shirkat yoki ularni ta’mirlashga javobgar bo‘lgan ta’mirlovchi korxona bor-ku. Qolaversa, shirkatning o‘zida lift ustasi va santexnik bor. Nega ular o‘z vaqtida ta’mirlamaydi?

- Shirkatimizga qarashli uylarda 12 ta lift bor, - deydi shirkat raisi Irina Gechunsova. – Elektr energiyasida tez-tez uzilish sodir bo‘ladi. Elektr har safar o‘ynaganda liftlarimiz yo kuyib qoladi yoki elektr fazalarini o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Ustalarimiz har kuni uyma-uy aylanib ishdan chiqqan liftlarni sozlab kelishadi. Og‘ir holatlarda esa «Servis buyuk bunyodkor» MChJning lift sozlovchilar brigadasiga murojaat qilamiz. Har oyda mazkur korxonaga lift ta’mirlash uchun 1 million so‘m mablag‘ o‘tkazib beramiz.

«Al Buxoriy» uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 53-ko‘p qavatli uyda esa ahvol yanada og‘ir. Mazkur uyning bir yo‘la beshta liftining yuk ko‘tarish qurilmalari o‘g‘irlab ketilganligi sababli yuqori qavatlarda yashovchi aholi sarson bo‘lmoqda.

So‘g‘diyona massividagi ko‘p qavatli uylarda jami 68 ta lift bor. Ularning 20 foizi ishlamaydi. Masalan, «Tong» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan 8 ta liftning 4 tasi, «Avangard-So‘g‘diyona» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatida esa 5 ta lift yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tufayli kuyib, ishdan chiqqan. Bu kabi kamchiliklar Kimyogarlar shaharchasidagi ko‘p qavatli uylarda ham mavjud. Jumladan, «Nurli kelajak» mahallasida joylashgan 9 qavatli 26 hamda 25-uylarning liftlari nosoz.

- Liftimiz ancha yildan buyon ishlamaydi, - deydi shu uyning 71-xonadonida yashovchi Nasiba Muratova. – To‘g‘ri, besh yil ilgari almashtirilgan edi. Biroz vaqtdan so‘ng yana ishlamay qoldi. Yuqori qavatlarda keksa otaxonu-onaxonlarimiz istiqomat qiladi. Ammo, ular biror sabab bilan pastga tushsa, qaytib uyiga chiqishi azob.

«Kep qoling, lift motorlaridan bor»

- Liftlarning yuk ko‘tarish qurilmasini 500 ming so‘mga ta’mirlash mumkin, - deydi «Servis buyuk bunyodkor» MChJ raisi Farid Latipov. – Ishlatilganini esa bozordan 1 million so‘mga sotib olish mumkin. Bular uchun ehtiyot qismlar topish muammo. Ammo har safar uni o‘g‘irlab ketaverishsa, har qanday odamga ham malol keladi. Aholi e’tiborsizligi natijasida bu kabi o‘g‘irliklar sodir bo‘lyapti. Liftlarning asbob-uskunalari joylashgan xonalar qarovsiz qoldirilsa, qulf bilan mahkamlanmasa noxush holatlarga duch kelinadi.

Xo‘sh, liftlarning ehtiyot qismlari kamyob bo‘lsa, unda ular bozorga qayerdan kirib kelyapti? «Kep qoling, lift motori sotaman» deguvchi olg‘irlarning qo‘lidagi moslama va qurilmalar shu uylardan o‘g‘irlangan emasmikan?

Ko‘k hollarda «dom»da yashovchilarning o‘zlari ham liftning buzilishiga sababchi bo‘ladi. Kimdir uyini ta’mirlash uchun og‘ir qurilish materiallari olib chiqadi. Yoki yopilib qolsa, eshiklarini majburlab ochishadi. Natijada kuchlanish ortib liftning motori yoki boshqa qurilmalar ishdan chiqadi.    

«Eskini yamab, esing ketar»

- Bugungi kunda Samarqand shahridagi 15 ta ko‘p qavatli uyda 2012-2015 yillarda o‘rnatilgan 29 ta lift foydalanishga topshirilmagan, - deydi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Samarqand hududiy boshqarmasi boshlig‘i Zohid Sharapov. - Shirkatlarda liftni ishlab chiqaruvchi korxona hamda ularni o‘rnatgan tashkilotlar haqida ma’lumotlar yo‘q. 17 ta shirkatga qarashli 42 ta ko‘p qavatli uylardagi 25 yillik ishlash muddatini o‘tab bo‘lgan 124 ta liftdan bugungi kunda ham foydalanib kelinmoqda. Bu kabi ham ma’nan, ham texnik jihatdan eskirgan liftlardan faqatgina «O‘zstandart» agentligidan belgilangan tartibda ruxsatnomaga ega bo‘lgan ekspert tashkilotlarining ijobiy xulosasidan keyin foydalanish mumkin.

Shuningdek, shahardagi “Ilg‘or kelajak sari”, “Maroqand kommunalchi”, “Tashabbuskor kommunalchi”, “Murobod kommunalchi”, “Yulduz”, “Adolat tashabbuskor servis” xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlariga qarashli ko‘p qavatli uylarda ham foydalanishda tejamsiz va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan liftlardan foydalanib kelinmoqda.

Viloyat uy-joy kommunal xizmati ko‘rsatish boshqarmasi bosh mutaxassisi Husniddin Shodiyevning aytishicha, bugungi kunda Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarning 157 ta lifti 2020-2022 yillarda bosqichma-bosqich zamonaviysiga almashtirilar ekan. Albatta, bu gaplarga ishonging keladi. Hozircha liftlari ishlamayotganidan bezor bo‘lib murojaat qilayotgan fuqarolarga ham shunday deb javob berib turibmiz. Tez orada ishlar boshlanib ketsa ajab emas.

Dilmurod TO‘XTAYEV,

«Zarafshon» muxbiri.