Samarqandda mohir hunarmandlar ishtirokida milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

2023 yil 16 iyun kuni Samarqand shahridagi Registon maydoni Sherdor madrasasida o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi tashkil etiladi.

Ko‘rgazmada Samarqand viloyatining barcha tuman-shaharlaridan tajribali va "Usta-shogird" an’anasi asosida hunar o‘rganayotgan yosh hunarmandlar ishtirok etadi. Ko‘rgazmada 20 ga yaqin yo‘nalishlar bo‘yicha mahsulotlar keltiriladi. Jumladan, kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, tikuvchilik, yog‘och o‘ymakorligi, musiqa asboblari yasash, miniatyura, milliy liboslar va boshqa yo‘nalishlarda mahalliy hunarmandlarning qo‘li bilan yasalgan buyumlar namoyish etiladi.

Ko‘rgazma-savdoda hunarmandlar tomonidan mahorat darslarini kuzatish, shu bilan birga, loydan ko‘za yasash, ipakdan mato to‘qish, do‘ppiga naqsh berish, beshik yasash jarayonlarida bevosita ishtirok etish, o‘rganish mumkin.

Ko‘rgazmani tashkil etishdan maqsad - milliy hunarmandlar tomonidan yaratilgan mahsulotlar savdosida ko‘maklashish, xorijiy hamkorlarni jalb etish, ichki turizmni rivojlantirishdan iborat.

Milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi 16 iyun kuni soat 17:00 dan 20:00 gacha davom etadi. Ko‘rgazmaga keling va hunarmandlar mahsulotlarini kuzating, suvenir sovg‘alar, unutilmas kunlar uchun ishlanmalar, turli bezaklarni xarid qiling.