Samarqandda mudhish qotillik: Er turmush o‘rtog‘ini chopqi bilan urib o‘ldirgan
Joriy yil 7 avgustdan 8 avgustga o‘tar kechasi soat 02:00 larda Samarqand shahar FVB YoXB navbatchilik qismiga O‘rta Xo‘jasoat mahallasida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan o‘t o‘chirish guruhi alangani so‘ndirgandan keyin hovlidan tan jarohatlari olgan ayol kishining murdasi topildi. Bu haqda soat 04:30 larda tezkor-tergov guruhiga xabar berildi.
Voqea joyiga viloyat prokurori, viloyat prokurori o‘rinbosari S.Fayziyev, viloyat IIB boshlig‘ining 1-o‘rinbosari M.Zubaydullayev va boshqa tergov-tezkor guruhi a’zolari yetib keldi.
Tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda, boshining yuqori qismidan 4 ta va o‘ng qo‘l bilak-tirsak qismidan 1 ta sanchilib-kesilgan, suyak sohalari parchalangan xonadon egasi D.M.ning yalong‘och holatdagi murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.
Shuningdek, hovlidagi qurib bitkazilmagan hojatxonaning ichkarisida yerga yotqizilgan temir bochka ichida marhumaning turmush o‘rtog‘i M.M ikkala qo‘llari bilagining yuqori tomonidan kesilgan, kiyimlari va tanasi qon bilan belangan, o‘ng qo‘li bosh barmog‘i bilan ko‘rsatkich barmog‘i orasida lezviya ushlagan, hushsiz holda topilgan. U zudlik bilan tez-tibbiy yordam mashinasida shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshirish davomida, M.M. oldindan davom etib kelgan oilaviy nizo oqibatida, rasmiy ajrashmasdan, bir ro‘zg‘orda yashamagan turmush o‘rtog‘i D.Mni yog‘och dastali chopqi bilan bosh qismiga 4 marta, o‘ng qo‘l bilak-tirsak qismiga 1 marta urib, qasddan o‘ldirganligi aniqlandi.
U shuningdek, sodir etgan o‘ta og‘ir jinoyat izlarini yashirish maqsadida yelim idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini xonalarning ichki va tashqi tomonlariga sepib, o‘t qo‘yib yuborgan. Shundan so‘ng, jinoyat quroli hisoblangan chopqini hovli to‘ridagi o‘tinlar orasiga yashirib, o‘zi lezviya bilan ikkala qo‘l-bilak sohalarini kesib, bo‘yin va qorin qismini tilib, o‘z joniga qasd qilgan.
Holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan M.Mga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Viloyat prokuraturasi
axborot xizmati.