Samarqandda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari I turistik yarmarkasi o‘tkazildi
Samarqand shahrida MDH mamlakatlari Turizm kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda birinchi turistik yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, MDH Ijroiya qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda hamdo‘stlik davlatlari turizm sohasi mas’ullari, turistik firma va kompaniyalar vakillari, turizm yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Akkulov, MDH ijroiya qo‘mitasining turizm sektori rahbari T.Kovaleva Turizm kengashi navbatdagi yig‘ilishining Samarqandda tashkil etilishi va uning doirasida birinchi turistik yarmarka o‘tkazilayotgani tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Keyingi yillarda jahon turistik bozori mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholi bandligini ta’minlashning asosiy sektoriga aylanib, barqaror o‘sishni namoyon qilmoqda. Buni ayni paytda jahon yalpi ichki mahsulotining 10,4 foizidan ortiqrog‘i, savdoning 7 foizi va bandlikning 10 foizi turizm sohasi hissasiga to‘g‘ri kelayotganida ham ko‘rish mumkin. Dunyo davlatlarining 38 foizi uchun turizm – daromadning asosiy manbai, 83 foizi uchun esa besh asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi.
Turizm sohasidagi bunday taraqqiyot keyingi yillarda MDH mamlakatlarida ham namoyon bo‘lmoqda. MDH mamlakatlari turizm kengashi ushbu davlatlarda bu borada to‘plangan tajribani o‘rganish, soha rivoji yo‘lida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda o‘zaro fikr almashish uchun qulay imkoniyat bo‘lmoqda. 2018 yilning 10-11 avgust kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan navbatdagi tadbirni Samarqand shahrida o‘tkazish taklif qilingan edi. Shuningdek, mazkur tadbir doirasida MDH mamlakatlari Birinchi turizm yarmarkasini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi va bu ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
– Mazkur format MDHga a’zo mamlakatlarning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish, Hamdo‘stlikdagi turizm sektorining muhim trendlari va yangiliklarini almashish, turizm tashkilotlari va biznes vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Akkulov. – Kengash yig‘ilishida hamdo‘stlik davlatlari turizm sohasi bo‘yicha vazirlik va kompaniyalar mas’ul xodimlari ishtirok etib, hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab olish ko‘zda tutilgan.
Shundan so‘ng, MDH mamlakatlari turizm vazirlik va idoralari rasmiy delegatsiyalari ishtirokida Turizm kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Majlisda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning bugungi holati muhokama etilib, kelgusi istiqbollari belgilab olindi. Hamdo‘stlik davlatlari fuqarolarining ushbu mamlakatlarga sayohati uchun keng imkoniyatlar yaratish va turistlar oqimini ko‘paytirish, bu borada turistik kompaniyalarning hamkorligini kengaytarish bo‘yicha takliflar bildirildi.
– Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida turizm sohasidagi yaqin hamkorlik nafaqat davlatlar iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, shu bilan birga xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlaydi, – deydi MDH ijroiya qo‘mitasining turizm sektori rahbari T.Kovaleva. – Negaki, bu davlatlarni tarixan qaror topgan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik aloqalari bog‘lab turadi. Turizm bu rishtalarni yana ham kuchaytirishga xizmat qiladi.
Turizm sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilarining o‘zaro muloqoti va mahorat saboqlari ham yuksak saviyada tashkil etildi. Rektorlar soha uchun mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik qilish, birgalikda o‘quv dasturlari ishlab chiqish va bu borada zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldi.
– Bugungi kunda bizning mamlakatda ham turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Tojikiston davlat pedagogika instituti prorektori Firdavs Najmiddinov. – Shundan kelib chiqib, institutimizda soha uchun kadrlar tayyorlanmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari rahbarlarining tashabbusi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar keyingi yillarda yangi bosqichda izchil davom etayotgani tufayli biz ham o‘tgan yildan boshlab Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti bilan hamkorlik qilib kelyapmiz. Bugungi xalqaro tadbirda ishtirok etishimiz ham o‘zaro tajriba almashishimiz uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
Turizm yarmarkasi ishtirokchilari esa V2V tarzidagi uchrashuvlar, sayyohlik firma va kompaniyalari vakillarining yangi turistik yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimotlaridan samarali foydalandilar. Buning natijasida ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha ular o‘zaro hamkorlik bo‘yicha ellikdan ortiq kelishuvlarni imzoladi.
Tadbir doirasida “MDH davlatlarida turizm va mintaqaviy hamkorlik: yangi chaqiruvlar va imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Xalqaro forum qatnashchilari 10 iyul kuni Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, turistik ob’yektlar bilan yaqindan tanishadi.