Samarqandda nega “karmashka” yo‘q?

Yaqinda xorijdan qaytgan bir tanishim chet davlatlarining markaziy shaharlaridagi ko‘chalar kengligi, ayniqsa aholi turarjoylariga kirish uchun katta yo‘llar yonida alohida “karmashka”lar borligini aytib qoldi. Bizda esa aksariyat yo‘llar tor, bu ham yetmagandek, ko‘p qavatli uylar va boshqa ijtimoiy ob’yektlarga kirish uchun alohida yo‘lak yo‘qligi bois ko‘chalarda tirbandlik ortmoqda.
Xo‘sh, ayni muammoning oldini olish bo‘yicha biror yangi loyiha yoki rejalar ishlab chiqilyaptimi? Masalan, bizda ham “karmashka”lar bo‘ladimi?
Mavzu yuzasidan murojaat qilgan birinchi manzilimiz “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi bo‘ldi. U yerdan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda viloyatimizda 20262 kilometr ichki yo‘llar bo‘lib, shundan 7702 kilometri ta’mirtalab. Joriy yil 713 kilometrini ta’mirlash va 16,8 kilometr yangi yo‘l qurish rejalashtirilgan. Biroq hozircha birorta ko‘chani kengaytirish yoki unda “karmashka” qurish nazarda tutilmagan ekan.
— Tashkilotimiz ko‘chani qurish yoki ta’mirlash ishlarida buyurtmachi vazifasini bajaradi, - deydi muassasaning loyiha-ta’minot bo‘limi boshlig‘i Sohib G‘aybullayev. – Ya’ni, biz o‘z tashabbusimiz bilan biror tor ko‘chani kengaytirish yoki unda “karmashka” qurishni amalga oshira olmaymiz. Buning uchun hududiy hokimlik qarori kerak. Xususan, bir ko‘chani kengaytirish uchun uning ikki yonidagi qurilmalar, kommunal tarmoqlarni buzish yoki ko‘chirish bo‘ladi. Qolaversa, daraxtlar bor. Ularni kesishga moratoriy e’lon qilingan. Bu murakkab jarayon bo‘lib, unga ko‘plab tashkilot va idoralar jalb qilinishi lozim.
Viloyatimizda bu masalada tajriba yo‘q emas. Misol uchun, Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasida ichki yondosh yo‘l tashkil qilingan. E’tiborlisi, bu qulaylik hovlilarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun xizmat qilmoqda. Nahotki shu tajribani ommalashtirish, hech bo‘lmasa, yangi qurilayotgan aholi punktlarida shuni inobatga olishning imkoni yo‘q, degan savol tug‘iladi.
— Shahrimizga ochiq osmon ostidagi muzey, deya tarif berilishi bejiz emas, - deydi Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari kotibiyati mutaxassisi Eldor Tagiyev. – Uning har bir burchagi, ko‘chasida YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros ob’yektlari bor. Ko‘chalarni kengaytirish uchun bu tarixdan voz kechib bo‘lmaydi. Shu bois ko‘chalarni emas, shaharning o‘zini kengaytirish choralari ko‘rilyapti. Shuningdek, qo‘shni tumanlar o‘rtasida transport qatnovini tartibga solish uchun shaharda bir nechta halqa yo‘llar qurilishi rejalashtirilgan. Natijada hududga kirib keluvchi transport vositalari soni kamayadi. “Karmashka” masalasiga kelsak, bu bo‘yicha hali yangi loyiha yo‘q.
Endi shu eshitgan va bilganlarimiz atrofida mulohaza qilib ko‘raylik. To‘g‘ri, Samarqand shahri va hatto, tumanlarimiz markazidagi asosiy ko‘chalar bugungi kun transport oqimi talablariga javob bermay qoldi. Lekin bu muammoni bartaraf etish bo‘yicha strategik yechimlar ko‘rinmayapti. Aytaylik, shahar hududi kengayishi undagi ijtimoiy ob’yektlar yangi hududlarga ko‘chirilishini anglatmaydi. Demak, aholining asosiy qismi yana markazga intiladi. Tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarimiz atrofida bozoru turli savdo majmualarining qurilishi, aksariyat yangi qurilmalarda ularga xavfsiz kirib-chiqish yoki transport vositalarining to‘xtab turishi uchun sharoit yo‘qligi ham sir emas. Bugun ko‘chani kengaytirishga bir nechta madaniy meros ob’yekti yoki ko‘p yillik daraxtni sabab qilib ko‘rsatsak, ertaga yangi ob’yektlarni ko‘chirish qimmatga tushadi, demaymizmi?
Ko‘chalarimizda “karmashka” uchun joy yo‘qdir, lekin hozir mavjud piyodalar yo‘laklari ham piyodalarga emas, balki transport vositalariga xizmat qilayotgani, tadbirkorlar tomonidan egallab olinayotgani ayni haqiqat. Birgina Rudakiy ko‘chasini olib qarang. Uning, ayniqsa, Samarqand temiryo‘l vokzalidan Gagarin ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi e’tiboringizni tortishi aniq. Ko‘chaning ikki yonida ko‘p qavatli binolar qad rostlagani holda ularning birinchi qavatlari turli savdo do‘konlaridan iborat. Shu sababli asosiy ko‘chaning bir yo‘lagi va ko‘pincha piyodalar yo‘laklari ham transport vositalari uchun to‘xtash joyi vazifasini o‘taydi. Agar “madaniyat”imiz piyodalar yo‘lagida transport boshqarish, uni to‘sib qo‘yishga yo‘l qo‘yayotgan ekan, shu yo‘lakning bir qismini transport vositalari harakati uchun berish afzalroq emasmi? Hech bo‘lmaganda ikkita muammodan biri hal bo‘lardi. Piyodalar uchun esa torroq bo‘lsa-da, balandroqda, ustida transport vositasi harakatlana olmaydigan yo‘lak qilinsa, maqsadga muvofiq. Bugun bu muammoni nafaqat shu yerda, balki boshqa shahar va tumanlarda ham ko‘rish mumkin.
Madaniyat masalasiga to‘xtalgan ekanmiz, o‘zi xalqimiz ayni qulayliklarga tayyormi, degan savolga ham javob izlashga majburmiz. Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidagi “karmashka” haqida gapirdik, lekin u bilan bog‘liq ayrim ko‘ngilsiz holatlarni ham aytib o‘tish zarur. Masalan, 2024 yilning 3 iyulida aynan shu “karmashka”dan o‘tayotgan bir bolakayni yuqori tezlikda harakatlangan transport vositasi urib yuborib, umriga zomin bo‘lgan edi. Undan keyin ham hududda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Shu kunlarda ayrim haydovchilar mazkur yo‘lakdan asosiy yo‘ldagi svetofor yoki tirbandlikda turib qolmaslik uchun qo‘shimcha “trassa” sifatida foydalanyapti. Demak, ayni holat boshqa, yangi tashkil etiladigan “karmashka”larda ham takrorlanishi ehtimoli yuqori.
Xullas, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Sharoit yaratilsa-yu biz undan jamoat emas, balki faqat o‘z manfaatlarimiz yo‘lida, madaniyatsizlarcha foydalansak, bundan nima naf? Tanganing ikkinchi tomoni ham bor: sharoit yaratilmasligi ham odamlarning o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun madaniyatni chetlab o‘tishga majbur qilishi mumkin. Masalan, transport vositalarining piyodalar yo‘laklarida qoldirilishi har doim ham haydovchining madaniyatsizligini anglatmaydi. Unda boshqa chora bo‘lmasligi mumkin. Xo‘sh, siz nima deysiz? Yo‘llarimizda tartib bo‘lishi uchun nima qilishimiz kerak?
Asqar Barotov.