Samarqandda nogironlar, yolg‘iz keksalarga qanday yordam ko‘rsatilyapti?

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili 1749 nafar Ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriylari, 1680 nafar yolg‘iz keksalar, aholining ijtimoiy ehtiyojmand boshqa toifalari to‘liq tor doiradagi mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijalariga asosan ularning 289 nafari ambulator, 219 nafari statsionar va 436 nafari uy sharoitlarida davolangan.

Shuningdek, 2019 yilda 125 nafar yolg‘iz fuqarolarning uy-joylari tuman va shahar hokimliklari, homiy tashkilotlar tomonidan ta’mirlanib, 190 nafar yolg‘iz fuqarolarga reabilitatsiya texnik vositalari yetkazib berilgan.

Viloyatda 248 nafar yakka-yolg‘iz fuqarolar mavjud bo‘lsa, ular oyma-oy 15 turdagi bepul oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalari bilan ta’minlab borilmoqda. Ushbu fuqarolarga 204 nafar ijtimoiy xodimlar manzilli ijtimoiy yordam berayotgan bo‘lsa, 734 nafar patronaj hamshiralar tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yilda 190 nafar 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarining sanatoriy muassasalarida bepul davolanishi tashkil qilingan. Nafaqaxo‘rlar, nogironlar, yolg‘iz qariyalar va aholining boshqa nochor qatlamlaridan 3989 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi.

2019 yil davomida 1563 nafar fuqarolarga nogironlar aravachasi, 560 nafar fuqarolarga eshitish moslamasi, 351 nafar fuqarolarga qo‘ltiqtayoq, 639 nafariga hassa, 119 nafariga boshqa turdagi (xodunok, ko‘zi ojizlar hassasi, tirsakli qo‘ltiqtayoq, peshob va najas qabul qilgich kabi) harakat vositalari yetkazilgan. Shuningdek, 576 nafar fuqarolarga protez-ortopediya mahsulotlari tayyorlab berilgan.

Ushbu harakat vositalarini xarid qilish va o‘z vaqtida muhtoj fuqarolarga yetkazib berish uchun 604,2 million so‘mlik mahalliy byudjet mablag‘lari sarflangan.

Tuman, shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sho‘’basi, tibbiyot birlashmalari, TMEK va mahalla fuqarolar yig‘ini hamkorligida uyma-uy yurib o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2020 yilda 734 nafar fuqarolarni nogironlar aravachasi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 374 nafar fuqarolarga eshitish moslamasi, 363 nafar fuqarolarga qo‘ltiqtayoq, 471 nafar fuqarolarga hassa, 186 nafariga boshqa turdagi harakat vositalari yetkazib berish kerak. Qolaversa, 493 nafar fuqarolarga protez-ortopepediya mahsulotlari tayyorlab berilishi zarur.

Ushbu maqsadlar uchun 960 million so‘m mablag‘ ajratilishi talab etiladi.

Yoqubjon GADOYeV tayyorladi.