Samarqandda ommaviy axborot vositalari xodimlarining salomatligi sinovdan o‘tdi
Samarqand shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha OAV xodimlari va ularning oila a’zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
- Jurnalistlar hayotning qaynoq jabhasida yuruvchi sharafli, shu bilan birga mas’uliyatli kasb egalaridir, - deydi shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Ularning salomatligi biz uchun ham, jamiyatimiz uchun ham juda muhim. Ilk bor tashkil etilayotgan mazkur tibbiy ko‘rikka 15 turdagi malakali mutaxassislar, zamonaviy tekshirish apparatlari soha xodimlari uchun jalb etilgan. Mazkur tibbiy ko‘rik 21-22 iyun kunlari jurnalistlarning oila a’zolari ishtirokida o‘tkaziladi. Tekshirish davomida aniqlangan kasalliklar bo‘yicha statsionar davolanishga muhtoj xodimlar viloyat davolash profilaktika muassasalariga yuboriladi.
Ikki kun davom etadigan tibbiy ko‘rikka jurnalistlar oila a’zolari bilan tashrif buyurmoqda.
- Turmush o‘rtog‘imning jurnalistika sohasida faoliyat yuritayotganidan faxrlanaman, - deydi Zuhra Ravshanova. – Bugun tibbiy ko‘rikdan farzandlarim bilan birga o‘tayapmiz. Bolalar, o‘smirlar uchun ham alohida shifokorlar jalb etilgani ko‘rikning keng qamrovli olib borilayotganidan dalolatdir.
Shuningdek, bu kabi tibbiy ko‘riklar tuman(shahar) ko‘p tarmoqli poliklinikalarda ham o‘tkaziladi.