Samarqandda prokurorlar tergovchilarning 447 ta noqonuniy qarorini bekor qildi
Bu – xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 21 avgust kuni o‘tkazilgan o‘n ikkinchi sessiyasida viloyat prokurori F.Zufarovning axborotida qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning birinchi yarmida Samarqand viloyati prokuratura organlari tomonidan 408 ta jinoyat ishlari yuzasidan tergov o‘tkazilgan. Kelib tushgan 1326 ta jinoyat haqidagi ariza va xabarlar asosida 150 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 1206 tasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazildi.
Viloyatda o‘tgan davrda 1808 ta jinoyat hisobga olinib, o‘tgan yilga nisbatan 484 ta (36,6 foiz)ga oshgan. Xususan, Paxtachida 27 ta, Bulung‘ur va Narpayda 24 tadan, Ishtixonda 20 ta hamda Oqdaryoda 18 ta mahallada jinoyatlar oshib, kriminogen vaziyat yomonlashgan.
Shu davrda barcha mutasaddi organlar tomonidan 1583 ta jinoyat ishlari yuzasidan tergov xarakatlari o‘tkazilib, prokurorlar tomonidan tergovchilarning 447 ta noqonuniy qarorlari bekor qilindi, zarur protsessual harakatlarni o‘tkazish haqida 1013 ta yozma ko‘rsatmalar berildi, yetkazilgan 41 mlrd. so‘mlik moddiy zarar undirilib, viloyat byudjeti va tadbirkorlik sub’yektlariga qaytarildi.
Shuningdek, jinoyat ishlarining tergovi jarayonida adolat mezoniga alohida e’tibor qaratilib, 115 ta jinoyat ishlari dastlabki tergov bosqichida reablitatsiya asoslariga ko‘ra tugatildi.
Viloyatdagi jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarda qayd etilgan davrda ko‘rilgan 27846 ta ishlarning 5 mingtasida, ya’ni prokuror ishtiroki lozim bo‘lganlarning barchasida prokuror vakolati ta’minlandi, 3510 ta ishning qonuniyligi o‘rganilib, turli instansiyalarda prokurorlar protesti bilan sudlarning 131 ta noqonuniy qarorlari bekor qilindi yoki o‘zgartirildi.
G‘olib Hasanov.