Samarqandda qanday turdagi jinoyatlar ko‘paygan va qaysi hududlarda?
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisining qayd etishicha, joriy yilning 9 oyi davomida qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan sudlanganlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 taga, qasddan badanga yengil shikast yetkazish 46 taga, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish 28 taga, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadi ko‘zlangan jinoyatlar, qonunga xilof ravishda saqlash va hokazolar 17 taga, bezorilik 23 taga, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish 14 taga ko‘paygan.
Shu davrda qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar Samarqand shahrida 8 taga, Narpay va Oqdaryo tumanlarida 7 taga, Kattaqo‘rg‘on shahar va Ishtixon tumanida 5 taga, Jomboy tumanida 3 taga, Paxtachi va Toyloq tumanlarida 2 taga hamda Past Darg‘om tumanida 1 taga ortgan.
Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan bog‘liq 63 ta jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqilgan. Bu turdagi jinoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 ta, Samarqand shahrida 16 ta, Jomboy tumanida 4 ta, Ishtixon, Paxtachi va Toyloq tumanlarida 3 ta, Kattaqo‘rg‘on shahar, Qo‘shrabot va Narpay tumanlarida 2 ta hamda Bulung‘ur, Nurobod va Oqdaryo tumanlarida 1 ta ko‘p sodir etilgan.
Shuningdek, bezorilik jinoyatlari 58 ta yoki o‘tgan yilga nisbatan 23 ta ko‘p, shu jumladan, Past Darg‘om tumanida 6 ta, Oqdaryo va Paxtachi tumanlarida 5 ta, Kattaqo‘rg‘on shahar va Narpay tumanida 3 ta, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida 2 ta, Jomboy hamda Toyloq tumanlarida 1 ta ortgan.
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish jinoyatlari o‘tgan yili qayd etilmagan. Biroq joriy yilda 14 ta, Past Darg‘om tumanida 5 ta, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqdaryo va Urgut tumanlarida 2 ta hamda Samarqand shahri, Payariq va Paxtachi tumanlarida 1 tadan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish jinoyatlari ko‘rib chiqilgan.
Sudlanganlik ortgan shu toifadagi ishlar bo‘yicha jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, shu kabi jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va unga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish borasida viloyat sudi tomonidan alohida reja ishlab chiqilib, tegishli chora-tadbirlar belgilangan.