Samarqandda qariyb 3 millard so‘m asosida temir-beton tayanch (ustun)lar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori U.Jo‘rayev ma’lum qilgan.

Hozirgi kunda temir-beton tayanchlari ishlab chiqarish zavodiga “CAMEL WAY CHINA” MChJ IPdan beton ishlab chiqarish uskuna jihozlari olish uchun shartnoma tuzilib, uskunalar olib kelingan. Qolgan uskuna-jihozlarni xarid qilish uchun Tovar xom-ashyo birjasiga 1,1 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan.

Qayd qilinishicha, sex qurilishi uchun 2,8 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Sessiya qarorida mahallalar kesimida eskirgan va ta’mirtalab transformatorlar hamda eski, qo‘lbola yasalgan simyog‘ochlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning aniq hisob-kitobini olish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora-tadbirlar belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, saytimizda sayyor qabullarning biri haqidagi axborotda aynan shu taklif berilgandi.