Samarqandda qarzdorlardan 4,3 milliard so‘mlik aliment pullari undirildi

Keyingi paytda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning salmoqli qismi aliment undiruvi va moddiy ta’minlash bilan bog‘liq ijro hujjatlariga oid bo‘lmoqda.

Shu sababli o‘zaro kelishmovchiliklar tufayli ajrashib ketgan oilalarni yarashtirish, ularda sog‘lom muhitni qaror toptirish maqsadida bir qator davlat jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz.
Jumladan, barcha shahar va tumanlarda sektor rahbarlari, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari, fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlar sudyalari, imom-xatiblar boshqa mas’ul idoralar vakillari bilan birgalikda aliment to‘lovchilar, qarzdorlar va unidiruvchilar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazdik. Notinch, ajrashish uchun murojaat qilgan yoki ajrashgan oilalar, aliment to‘lovchilar hamda ularning sobiq turmush o‘rtoqlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, ularni yaratishtirish choralari ko‘rilmoqda.

Foydali mehnat bilan band bo‘lmagan qarzdorlarni ishga joylashtirish maqsadida mehnat yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Uchrashuvlarda avvalo Jinoyat Kodeksining 122-moddasi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 noyabrdagi 808-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablarini tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu tadbirlar davomida viloyat bo‘yicha 394 oila yarashtirildi.

Qidiruvda bo‘lgan 18 nafar qarzdorlar topilib ularga nisbatan qidiruv e’lon qilish haqidagi qarorlar bekor qilindi. Qarzdorlardan 4,3 mlrd. so‘mlik aliment pullari undirilishi ta’minlandi. Aliment to‘lashdan ikki oydan va undan ortiq vaqt mobaynida bo‘yin tovlab kelgan 91 nafar qarzdorga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishlar qo‘zg‘atildi. E’tiborlisi, targ‘ibot tadbirlari natijasida aliment undirish haqidagi ijro hujjatlari 523 taga kamayishiga erishildi.

G‘olib ABDURAXMONOV,
Samarqand viloyati prokuraturasi
bo‘lim boshlig‘i.