Samarqandda sport xabarlari
Basketbol
Samarqand shahrida “Barkamol avlod-2021” sport musobaqasining basketbol turi bo‘yicha o‘g‘il va qizlar o‘rtasida mintaqaviy saralash bosqichi o‘tkazildi.
Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, Samarqandning o‘g‘il bolalar jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin surxondaryoliklarga, uchinchi o‘rin qashqadaryolik basketbolchilarga nasib etdi. Qizlar o‘rtasidagi bellashuvda Surxondaryo viloyati jamoasiga teng keladigani topilmadi. Qashqadaryo viloyati ikkinchi va viloyatimiz basketbolchi qizlari uchinchi o‘rinni egalladi.
Muay-tay
Samarqand shahrida sportning muay-tay turi bo‘yicha 9 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati tashkil etildi.
Respublikaning barcha viloyatidan ming nafarga yaqin sportchi qatnashdi. Yakunda umumjamoa hisobida Toshkent shahridan kelgan sportchilar birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Samarqandliklar ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Toshkent viloyati sportchilariga nasib etdi.
Mazkur musobaqada oltin medalga ega chiqqan 20 nafardan ortiq 16 yoshdan oshgan sportchiga “Sport ustasi” berilishi bo‘yicha federatsiyaga tavsiya etildi.
***
Shuningdek, sportning yakka kurash turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida professional sportchilar o‘rtasida muay-tay bo‘yicha viloyat ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda 15 nafar yurtimiz vakili, 4 nafar tojikistonlik va bir nafar qirg‘izistonlik sport ustalari 60 va 63 kilogramm vaznda kamar uchun asosiy jang bahsi bo‘lib o‘tdi. Olti vazn bo‘yicha sportchilar saralandi.
Quvonarlisi, 60 kilogramm vaznda Samarqand tumanida yashovchi Aslan Ortiqov va 63,5 kilogramm vaznda Shahriyor Jo‘rayev kamarga ega chiqdi.
Boks
Samarqand shahrida boks bo‘yicha 2006-2007 yillarda tug‘ilganlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi o‘tkazildi.
Respublikaning barcha hududidan 470 nafar bokschi o‘z vazn toifasida kuch sinashdi. Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati bokschilari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahri sportchilariga va uchinchi o‘rin samarqandliklarga nasib etdi.
Yunon-rum
Samarqand shahrida yunon-rum kurashi bo‘yicha 2005-2006 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida 10 ta vazn toifasida viloyat chempionati tashkil etildi.
Yakunda umumjamoa hisobida Toyloq olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchilari birinchi o‘rinni egalladi. Samarqand olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi ikkinchi va sportning yakka kurash turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi jamoasiga uchinchi o‘rin berildi.
Taekvon-do
Samarqand shahrida taekvon-do ITF bo‘yicha 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan rangli va qora belbog‘ sohiblari o‘rtasida viloyat ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan tashqari, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Toshkent viloyatlari kelgan 260 nafardan ortiq taekvondochilar g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Medal jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rin Samarqand viloyatiga berildi. Ikkinchi o‘rin qashqaadaryoliklarga va uchinchi o‘rin buxorolik sportchilarga nasib etdi.
Kurash
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat bo‘limi hamda viloyat kurash federatsiyasi hamkorligida umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida kurash musobaqasi tashkil etildi.
“Kurash - milliy g‘ururimiz” shiori ostida bo‘lib o‘tgan sport tadbirida 14 ta vazn bo‘yicha 150 nafar 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchi gilamda bellashdi.
Yakunda eng ko‘p medalni Samarqand tumanining maktab o‘quvchilari jamg‘ardi. Ikkinchi o‘rin nurobodliklarga, uchinchi o‘rin pastdarg‘omliklarga nasib etdi.
H.Eltoyev.