Samarqandda tadbirkorlik sub’yektlari murojaatlari asosida 15 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi zarnews.uz ga ma’lum qilgan.
Boshqarma tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga 2 mingga yaqin amaliy yordamlar ko‘rsatilib, 2068 ta ish o‘rni ochilgan. Shuningdek, byudjetga 1,5 milliard so‘mlik soliq bazasi yaratilgan.
Xususan, 117 tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati qayta tiklangan. Bundan tashqari, 95 tadbirkorlik sub’yektiga yer ajratishda, 15 nafariga elektr tarmoqlariga ulanishda, 9 nafariga banklardan 315 million so‘m miqdorida kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Qolaversa, 309 nafar sub’yektlarning faoliyatiga qonuniy tus berilgan. Tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlari asosida 15 ta jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.
Jumladan, «AL ASAD ANVAR» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” davlat unitar korxonasi Urgut filiali mutaxassisi O.Murodov 0,15 gektar tashlandiq yer maydonida qo‘shimcha ishlab chiqarish sexini qurish uchun yerga egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirish hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan O.Murodovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.