Samarqandda tuproq bosib qolgan ikki nafar ishchi korxonada mehnat sharoitlari yaratilmaganligi tufayli shu kuyga tushmaganmidi?

Bugungi kunda ishlab chiqarishda ro‘y berayotgan baxtsiz hodisalar, ayniqsa, og‘ir turdagi va o‘lim bilan tugayotgan baxtsiz hodisalarning aksariyat qismi qurilish va transport tashkilotlari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Buning asosiy sababi o‘sha tashkilotlarda ishchi-xodimlarning mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi borasidagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligida.

Birgina, Samarqand shahrida 2019 yilning oxiri va joriy yilning boshida ikkita holatda qurilish maydonida ishchilarni tuproq bosib qolishi oqibatida o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgandi. Bizga ma’lum bo‘lmagan yengil va og‘ir tan jarohati bilan tugagan baxtsiz hodisalar qancha?

Agar korxona va tashkilotlarda kasaba uyushma qo‘mitasi tashkil etilsa, yuqoridagi kabi savollarga o‘rin qolmaydi, ish beruvchilarning noqonuniy talab va harakatlariga chek qo‘yiladi. Va, albatta, xodimlarning mehnat muhofazasi hamda ijtimoiy himoyasi kuchayadi.

Tarmoq kasaba uyushmalari tizimida viloyatning 137 ta transport, qurilish va yo‘l sohasi korxona va tashkilotlari, 1 ta oliy va 12 ta o‘rta-maxsus o‘quv yurtlari boshlang‘ich kasaba uyushmalari faoliyat yuritib kelmoqda.

2018 yilning oxirida viloyatning tarmoq tizimiga a’zo bo‘lgan kasaba uyushma tashkilotlari soni qariyb 500 tani tashkil etgan.

Afsuski, ayrim tashkilotlar faoliyatini to‘xtatganligi, ko‘pgina tashkilotlarda ish hajmining yo‘qligi, shuningdek, kasaba uyushmalari bilan uzoq muddatga aloqani uzib qo‘yganligi sababli Nizom talablariga asosan kasaba uyushmalaridan chiqarilgan.

Yil boshida viloyat davlat soliq boshqarmasi, qurilish va transport boshqarmalaridan faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tashkilotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar olib, har oyda 20-25 ta korxona bilan aloqa o‘rnatamiz. Rahbar va mas’ul xodimlar bilan kasaba uyushmalariga a’zolikning afzalliklari to‘g‘risida tushunchalar berilishiga qaramasdan, aksariyat hollarda og‘zaki rad javoblari olinadi, xatlar esa javobiz qolmoqda. Xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazish, ularga haq-huquqlarini tushuntirishga esa ruxsat yo‘q.

Aslini olganda, kasaba uyushmasiga a’zolik ixtiyoriy. Buning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor. Salbiy tomoni shundaki, qonunchilikdagi bu erkinlik, ya’ni ixtiyoriylik ko‘pchilik ish beruvchilarga qulay «imkoniyat» yaratadi. Ular o‘z ishchilari oldidagi ba’zi mas’uliyatdan shu yo‘l bilan qochmoqchi bo‘lishadi.

Viloyatimizda qanchadan-qancha ovqatlanish shoxobchalari, ishlab chiqarish sexlari, qurilish tashkilotlari bor. Ammo hech kim o‘sha joylarda ishlayotganlarni to‘liq mehnat qonunchiligi asosida ishlayapti, deb ayta olmaydi. Chunki juda ko‘p joylarda ish beruvchilar mehnat shartnomasiga, mehnat daftarchasini yuritishga amal qilmaydi.

Sir emas, qurilish tashkilotlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ishlayotganlar uchun ko‘p hollarda zarur shart-sharoit yaratilmagan, mehnat muhofazasiga amal qilinmaydi. Maxsus kiyim-boshlar bilan ta’minlash haminqadar. Bu albatta, jiddiy o‘ylab ko‘riladigan masala…

Shunga qaramay, jamiyat huquqiy sohada ortda deb bo‘lmaydi. Buni Kasaba uyushmalari federatsiyasiga va uning hududiy birlashmalariga har oyda yuzlab ariza hamda murojaatlar kelib tushayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Ularning aksariyati ishdan nohaq bo‘shatilish (ayniqsa, homilador ayollarning bo‘shatilishi), maosh va tovon pulini o‘z vaqtida ololmaslik to‘g‘risida.

Ushbu murojaatlarni o‘rganish, ariza egalariga huquqiy hamda amaliy yordam berish jarayonida ma’lum bo‘lyaptiki, ish beruvchi mehnat qonunchiligini bilmaydi yoki bilsa-da, unga amal qilmaydi. Albatta, murojaatlar asosida ishchining buzilgan huquqlari tiklanishi va talabi qondirilishiga erishilayotir. Ammo o‘z haq-huquqini bilmasdan yurganlar safi kam emas.

Sirojiddin IZZATULLAYeV,

O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyati tashkilotlari birlashgan qo‘mitasi raisi.