Samarqandda turizmni rivojlantirish uchun 100 million dollar ajratiladi
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni Samarqand tumanida sektorlar rahbarlari va viloyat faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlatimiz rahbari viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muayyan natijalarga erishilayotgan bo‘lsa-da, Samarqandning iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishda turizm sohasi asosiy yo‘nalish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Afsuski, hali bu boradagi imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Shu bilan birga, bog‘dorchilik, meva-sabzavot yetishtirishda ham erishilayotgan natijalar boshqa hududlar bilan solishtirganda oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatda aynan mana shu yo‘nalishga ixtisoslashgan tumanlar bor. Bu joylarda endi faqat mahsulot yetishtirib, uni xomashyo holida sotishdan ko‘ra, qayta ishlab, tayyor mahsulot eksport qiladigan korxonalarni ko‘paytirish, zamonaviy mini-texnologiyalardan foydalanish zarurligiga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda meva-sabzavot yetishtirishni rivojlantirishga 400 million dollar ajratilishi ma’lum qilindi.