Samarqandda Turkiya sarmoyasidagi korxonalar soni 100 dan ortdi
Turkiya mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasida yil sayin savdo, xizmatlar hajmi, ijtimoiy sohadagi loyihalar, ishlab chiqarish yo‘nalishlari, qo‘shma va xorijiy korxonalar soni ortib bormoqda.
Viloyat investitsiya va tashqi savdo
boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bugungi kunda Samarqandda Turkiya kompaniyalari kapitali ishtirokida 68 ta qo‘shma korxona hamda 39 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, Past Darg‘om tumanida sendvich panel ishlab chiqaruvchi "Panelsav", Urgut tumanida "IDEAL ELEKTRO LYUKS" maishiy texnika korxonalari ishlab turibdi. Samarqand shahridagi "KAPLANSER SAM", "SAM-ANTEP-GILAM" qo‘shma korxonalarida gilam mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, "SAM ANTEP TEXTILE GROUP"da tekstil mahsulotlari tayyorlanmoqda, "ZARTEK DIALIZ MEDSERVIS" korxonasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilyapti.
2021 yilda 27 ta investitsiya loyihasi doirasida Turkiyadan 33,9 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
Joriy yilgi davlat Investitsiya dasturiga asosan viloyatda Turkiya bilan hamkorlikda 6 ta yangi investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyihalar doirasida yanvar-fevral oylarida 2,5 million dollar xorijiy investitsiya jalb etildi.
Xususan, Urgut tumanida "SMART HYGIENE FACILITIES" qo‘shma korxonasi negizida gigiyenik vositalar (kattalar va bolalar uchun tagliklar) ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida 2,5 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritildi.
2021 yilda Samarqand viloyati hamda Turkiya Respublikasi o‘rtasida o‘zaro tovar aylanmasi 156,3 million dollarni tashkil etgan va bunda eksport hajmi 42,2 million dollar bo‘lgan.
2022 yilning dastlabki ikki oyida Turkiya bilan tovar aylanmasi 30 million dollarni tashkil etib, 10,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.