Samarqandda Yangi hayot tumaniga o‘xshash hududlar tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent metallurgiya zavodining ochilish marosimidagi nutqida Yangi hayot tumani haqida to‘xtalib o‘tdi va boshqa shaharlarda ham shu kabi hududlar barpo etilishini ma’lum qildi.
"Ma’lumki, ushbu korxona Toshkent shahri tarkibida yaqinda tashkil etilgan Yangi hayot tumanida ish boshlayapti.
Yangi hayot tumani yangi O‘zbekistonni rivojlantirishga kompleks yondashuvning namunasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Mazkur hududda bir vaqtning o‘zida shinam turar joylar, zamonaviy sanoat quvvatlari, yangi transport infratuzilmasi, jumladan, yerusti metrosi va yo‘l o‘tkazgichlar, ijtimoiy ob’yektlar qurilishi jadal olib borilmoqda.
Urbanizatsiya, aholi uchun qulay bo‘lgan sifatli shahar muhitini yaratishga oid bunday zamonaviy yondashuvni biz butun O‘zbekiston bo‘ylab keng joriy etmoqdamiz. Xususan, yaqin kelajakda Namangan, Andijon, Samarqand va boshqa yirik shaharlarimizda ham ayni shunday hududlar barpo etishni rejalashtirganmiz.
Bularning barchasi fuqarolik va sanoat qurilishining jadal rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi, yangi zavod mahsulotlariga ham, turdosh tarmoqlar mahsulotlariga ham barqaror talabni vujudga keltiradi", dedi Shavkat Mirziyoyev.