Samarqandda yangi institut ochildi - pedagoglar Finlandiya tizimi asosida tayyorlanadi

Yangi o‘quv yilida Samarqandda yana bir oliy ta’lim muassasasi - Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston–Finlandiya pedagogika instituti faoliyat boshladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi qarori asosida tashkil etilgan yangi pedagogika institutida beshta fakultet – pedagogika, maktabgacha ta’lim, san’atshunoslik, xorijiy tillar va gumanitar fanlar hamda aniq-tabiiy fanlar va jismoniy madaniyat fakul’tetlari faoliyat boshladi. Institutda 14 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi belgilangan.

- Ta’lim tizimini isloh qilish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi institut direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Akram Begmatov. – Finlandiyalik mutaxassislarning ta’lim-tarbiya sohasidagi tajribasi dunyo miqyosida e’tirof etiladi. Shu asosda mamlakatimiz ta’lim tizimiga malakali kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan. Imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi asosida Finlandiyaning eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislari institutimizga jalb qilinadi. Ular bevosita talabalarimizga o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishadi. Kelgusida institutimizning maktabgacha ta’lim muassasasi va umumta’lim maktabi tashkil qilinib, tizimning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda talabalarimizga malakali mutaxassislar ko‘magida amaliy tajriba orttirish imkoniyati yaratiladi. Qisqacha qilib aytganda, institutimizda ta’lim tizimi uchun eng munosib kadrlar tayyorlanadi.

Ta’kidlash joizki, yangi o‘quv yilida Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston–Finlyandiya pedagogika institutiga 2160 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Ularning 1300 nafari kunduzgi, 375 nafari kechki, 800 nafari sirtqi hamda 135 nafari magistratura shaklida ta’lim oladi. Ta’lim o‘zbek, rus va tojik tillarida olib boriladi. Ularga 150 nafar o‘z sohasining yetuk professor-o‘qituvchilari dars beradi.

Alisher ISROILOV.