Samarqanddagi 200 ta maktabga rahbarlar va oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari biriktirildi
Samarqand viloyati hokimining 2022 yil 11 yanvardagi “Samarqand viloyatida ta’lim sifatini oshirishga erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha oxirgi o‘rinlarni egallagan maktablarda ta’lim sifatini ko‘tarish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yili yakunidan kelib chiqib, viloyatdagi 200 ta umumta’lim maktabida ta’lim sifatini oshirish uchun tegishli tuman, shahar rahbarlari va oliy ta’lim muassasalarining tajribali professor-o‘qituvchilari biriktirildi.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 44 ta maktabga tuman mas’ullari hamda Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professor-o‘qituvchilari mas’ul bo‘ldi. Ro‘yxatga Qo‘shrabotdan 29 ta, Nuroboddan 24 ta, Urgutdan 21 ta, Narpaydan 19 ta, Past Darg‘omdan 17 ta, Samarqand shahridan 16 ta maktab kiritilgan. Bu va boshqa maktablarga ham mas’ullar belgilangan.
Avvalo, ushbu maktablarning moddiy-texnika bazasi o‘rganiladi va aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqiladi. O‘qituvchi va o‘quvchilardan nazorat ishlari olinadi, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha taklif va muammolari o‘rganiladi. O‘qituvchilar salohiyatidan kelib chiqib, variativ o‘quv rejalar asosida oliy ta’lim muassasalariga tayyorlov sinflari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining chet tillari, aniq va tabiiy hamda ijtimoiy gumanitar fanlardan to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilar olgan baholarining haftalik, oylik monitoringi yuritilib, muhokama qilib boriladi.
Bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichini ko‘tarish maqsadida o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va oliy ta’lim muassasalariga kirishini muvofiqlashtiruvchi “Abituriyent shtablari” tashkil etiladi.
Davlat test markazining viloyat bo‘limi bilan birgalikda har uch oyda ushbu umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilaridan tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari olinadi. Test natijalari maktab pedagogik jamoasi va ota-onalar ishtirokida tahlil qilinadi.