Samarqanddagi “Center for assement of knowledge” bilimni baholash markazining akkreditatsiyasi nega bekor qilingan edi?

Bugun Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kollejida test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar beradi O‘zA.

 

Ertalabdan bino oldida tumonat odam to‘plagan edi. Ular orasida avval Samarqandda test topshirgan 483 nafar nomzoddan tashqari, birinchi marta ro‘yxatdan o‘tayotganlarni ham uchratish mumkin.

Imtihon o‘tkazilayotgan xonada test topshiruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Nomzodlar 120 ta kompyuterda onlayn test topshirishmoqda. Xonada yigirmadan ortiq kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Nazoratchilar nomzodlarga zarur vaqtda tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Bizni bir savol qiziqtirdi. Nega Samarqanddagi “Center for assement of knowledge” bilimni baholash markazining akkreditatsiyasini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bekor qildi? Bu savolga Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Davlatnazar MATRASULOV javob berdi.

– Prezidentimizning 2018 yil 5 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta ko‘rib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida jiddiy islohotlar amalga oshirila boshlandi, – dedi Davlatnazar Matrasulov. – Xususan, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan fuqarolarimizga har tomonlama qonuniy yordam berish, xorijga ishga yuborishda talab qilinadigan sinov imtihonlarini shaffof amalga oshirish, fuqarolar o‘rtasida norozilik kelib chiqmasligi borasida qonuniylikni ta’minlashga oid chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shunday bo‘lsada, ayrim Bilimni baholash markazlari faoliyatida noxolislik hollari kuzatilyapti. Natijada fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun EPS-TOPIK test imtihonlarini belgilangan tartibda mustaqil, shaffof, adolatli tarzda o‘tkazmagan Samarqanddagi “Center for assement of knowledge” bilimni baholash markazining akkreditatsiyasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qarori bilan bekor qilindi. Mazkur bilimni baholash markazi tomonidan taqdim etilgan barcha nomzodlar dinamik ro‘yxatdan chiqarildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi dinamik ro‘yxatdan chiqarilgan nomzodlarga bugun nazorat tartibida qayta imtihon topshirish imkoniyatini yaratib berdi.

Shuningdek, bilimni baholash markazi aybi bilan Agentlikka ro‘yxati taqdim etilmagan, ammo bilim darajasi baholangan, qo‘lida sertifikati bor, 70 balldan yuqori baho olgan 483 nomzod nomzod test imtihoniga kiritildi. Bundan tashqari, bugun murojaat qilgan 270 nafar talabgor ham test imtihonlarini bepul topshirmoqda. Natijalar darhol e’lon qilinmoqda. 15 iyuldan dinamik ro‘yxatga kiritish to‘xtatiladi.

Fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilgan muammo qanchalar murakkab va kiyin bo‘lmasin Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari muammoga o‘z vaqtida munosabat bildirdi. Demak, tizimda jiddiy islohotlarga qo‘l urilmoqda.

Ma’lumot uchun: Koreya Respublikasi har yili 16 davlatdan ishchi kuchi qabul qiladi. Joriy yildan boshlab Koreyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun 3200 kvota ajratilgan. Ilgari mamlakatimizdan har yili 2800 nafarga yaqin fuqaro Koreyada ishlash uchun jo‘nab ketar edi.

Xurshid QODIROV.