“DAKA” MChJ 2,5 million AQSh dollarlik mahsulotini eksport qilmoqchi

O‘zLiDeP viloyat kengashi Samarqand shahridagi “DAKA” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Prezidentimizning joriy yil 12 fevraldagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori targ‘ibotiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etdi.

Tadbirda tadbirkorlarga qarorga muvofiq 1 apreldan boshlab tikuv-trikotaj korxonalariga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarning Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan qoplanishi, buning uchun ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotning kamida 80 foizi eksport qilingan bo‘lishi lozimligiga doir tushunchalar berildi.

- 300 nafardan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan korxonamiz asosan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradi, - deydi “DAKA” MChJ rahbari Rustam Qarshiboyev. - Mahsulotlarimizning 90 foizidan ortig‘i xorijga eksport qilinmoqda. O‘tgan yili 1 million 700 ming AQSh dollari miqdorida eksportni amalga oshirdik. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 2,5 million AQSh dollariga yetkazmoqchimiz.

Shuningdek, mazkur qarorda belgilangan imkoniyatlardan foydalanib 1,5 million AQSh dollari miqdorida bank krediti evaziga xorijdan matoga gul bosish uskunasi olib kelishni rejalashtirdik. Buning natijasida 100 dan ortiq ish o‘rinlari yaratamiz.

Baxtigul QARSHIYEVA.