Samarqanddagi Nodir devonbegi madrasasi nima uchun “Kichik Sherdor” deb atalgan?
Samarqand tumanidagi Xo‘ja Ahror Valiy ziyoratgohining shimolida 1631 yil (hijriy 1040 yil)da Buxoro amiri Imomqulixon saroyida nufuzli lavozimda ishlagan Nodir Muhammad Devonbegi tomonidan bunyod etilgan madrasa bor.
Ushbu madrasa xalq orasida “Kichik Sherdor” yoki “Tashqi Sherdor” nomlari bilan ham atalib kelingan. Keyingi 50-60 yil ichida nashr etilgan deyarli barcha adabiyotlarda bu obida “Tashqi Sherdor” yoki “Kichik Sherdor” madrasasi, deb ham atalgan. Chunki ushbu yodgorlik peshtoqida ham sher tasviri tushirilgan.
Bu qanchalik to‘g‘ri? Aslida ham shundaymi?
XX asr boshlarida Samarqand muzeyida direktor sifatida faoliyat olib borish bilan birga Samarqand yodgorliklarining muhofizi hisoblangan V.Vyatkin tadqiqotlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda Samarqanddagi Nodir Devonbegi madrasasi hozirgi ko‘rinishidan ancha farq qilgan.
Madrasada ishlatilgan bezaklar uslubi va mazmuni jihatidan Registon ansamblidagi Sherdor madrasasiga o‘xshash bo‘lgan. Garchand, madrasaning dekorativ bezatilishi o‘ziga xos naqshlar tuzulmasi va ranglardan foydalanish usullari boshqacha bo‘lsa-da, naqshinkor bezaklarining tuzilishi va syujeti Sherdor madrasasining kompozitsion bezatilishini eslatadi. Madrasaning bezatilishida turli o‘simliksimon naqshlar, tamg‘ali g‘ishtchalar, davralar oralig‘i va atrofni bezatishda Sherdor madrasasidagi kabi moviy, oq, sariq va yashil ranglardan foydalanilgan. Qora rang ishlatilmagan. Biroq dastlabki paytlarda Nodir Devonbegi madrasasi peshtoqida Sherdor madrasasi peshtoqida aks ettirilgan qoplon yoki arslon tasvirlari bo‘lmagan. Bu tasvirlar sobiq sovet yillarida obidada amalga oshirilgan ta’mirlash vaqtida o‘rnatilgan.
Shuningdek, madrasaning kirish peshtoqi frizlarida moviy koshinlarga to‘q malla harflar bilan yozuvlar bitilgan bo‘lib, yozuvlarning o‘rta qismi saqlanmagan. Saqlanib qolgan yozuvlarda Nodir Mirzo Tog‘ay devonbegining otasi Sulton Mirzo Orlotga atab ta’ziyanoma bitilgan va hijriy hisobda 1045 yil sanasi ko‘rsatilgan. Bundan kelib chiqadiki, Nodir Devonbegining otasi ham Xo‘ja Ahror Valiy dahmasiga dafn etilgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, peshtoqda Buxoro xoni Imomqulixon va Nodir Devonbegi haqidagi misralar va madrasa me’mori Do‘st Muhammad ismi bitilgan bo‘lgan.
Afsuski, ushbu yozuvlar bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Nodir devonbegi madrasasi bezak ishlarida Sherdor madrasasidan andaza olingan. Shuning uchun ham bu obida halq orasida “Kichik Sherdor” deb atalgan.
Mahmudxon YuNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.