Samarqanddan 362 million dollarlik mahsulot eksport qilindi

Keyingi yillarda bojxona tizimida azaliy an’ana va zamonaviy tajriba asosida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga keng imkoniyat va katta qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, birgina 2019 yilda viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan 880 milliard so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlari undirilib, davlat byudjetiga o‘tkazildi.

Tovarlar eksporti va importini amalga oshirish jarayonida 52 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan. Natijada, 2019 yilda Samarqand viloyatidan 362 million AQSh dollari qiymatidagi tovarlar xorijga eksport qilinib, 2018 yilga nisaban bu ko‘rsatkich 28 foizga oshgan.

Muhimi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar doirasida korxonalarga bojxona to‘lovlaridan 2,9 trillion so‘mlik imtiyozlar qo‘llanildi. Shuning o‘ziyoq tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni qay darajada rag‘batlantirilayotganini ko‘rsatib turibdi.

Ayni paytda birgina “Ulug‘bek” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida import rasmiylashtiruvi uchun o‘rtacha 2 soat, eksport rasmiylashtiruviga esa 36 daqiqa sarflanayotgani ham bu fikrning yana bir isbotidir.

Umuman, Past Darg‘om tumanidagi Ulug‘bek logistika markazi hamda bu yerdagi “Ulug‘bek” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali o‘tgan yilda 87 million AQSh dollaridan ziyod qiymatdagi tovarlarning eksporti amalga oshirildi.

Postda bojxona yuk deklaratsiyalarining 26,2 foizi xavfni boshqarish tizimida “yashil” yo‘lak orqali, 37,9 foizi esa “sariq” yo‘lak orqali rasmiylashtirilganini inobatga olsak, qonun talablariga og‘ishmay amal qilayotgan tadbirkorlar uchun barcha qulayliklar yaratilganining guvohi bo‘lish mumkin.

2019 yilda bojxona sohasining muhim jihatlari, qonunchilikdagi yangiliklar, bojxona qonunbuzilishi yuzasidan aniqlangan holatlar bo‘yicha markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali jami mingdan ziyod chiqishlar qilingan.

Shunga qaramasdan, turli qonunbuzilish holatlari hamon uchrab turibdi. Jumladan, tashkil etilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 996 ta bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan. Ular bo‘yicha 16,89 milliard so‘mlik tovar moddiy boyliklar ushlab qolingan.

Aniqlangan 32 ta holat bo‘yicha jinoyat kodeksning turli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida jami 1127 ta tadbirlar tashkil etilgan.

Aslida viloyat bojxona boshqarmasiga qarashli bojxona postlari tomonidan 2019 yilda Davlat chegarasi orqali harakatlangan 42 120 ta yengil avtotransport vositasi, 1872 ta yuk avtomashinasi, 280 ta avtobus, 14693 ta temir yo‘l vagonlari va 2957 aviatransportlar bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.