Samarqandga elektrobuslar keltiriladi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida viloyat transport boshqarmasi bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytildi.

Unda soha mutasaddilari tizimda kutilayotgan qator yangiliklar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, jamoat transporti xizmat sifatini oshirish, ma’nan eskirgan avtobuslarni yangilariga almashtirish, uning ishlash mexanizmini tartibga solish rejalashtirilgan. Birinchi navbatda, avtobus parkini yangilash, “yashil shahar” loyihasi doirasida elektrobuslar va zamonaviy avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish kabi yechimini kutayotgan muhim masalalar bo‘yicha qator amaliy ishlar boshlangan.  

- Shu yil fevral oyida viloyat investitsiyalar boshqarmasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi vakili ishtirokida qulay transport tizimini yaratishda elektrobuslarning harakatini yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi va bu bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi, - deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Ergash Murodov. – Ushbu loyiha doirasida yevropalik mutaxassislar Samarqand shahrida bo‘ldi va jarayon bilan tanishdi. Hozirda YeTTB mutaxassislari tomonidan elektrobuslar xaridi borasida texnik shart va tender hujjatlari tayyorlanyapti.

Yangidan tashkil qilingan “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat korxonasiga yangi zamonaviy avtobuslar olib kelinishi bilan haydovchi va texnik xodimlarni ishga qabul qilish orqali 800 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

- Transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish uchun loyihaga asosan avtobuslar 43 ta yo‘nalish bo‘yicha harakatlanadi, - deydi boshqarma litsenziya sektori mutaxassisi Anvar Rajabov. - Ushbu yo‘nalishlarning 10 tasi asosiy tashuv yo‘nalishi hisoblansa, qolgan 33 ta yordamchi yo‘nalishlardir. Bu bilan hozirda mavjud muammolarga, ya’ni bekatlarda ortiqcha to‘xtash, oraliq vaqtga amal qilmaslik, kimo‘zarga quvib o‘tishlarga barham beriladi. Shu bilan birga, avtobuslar qatnovi kechki payt belgilangan vaqtgacha davom etadi. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida barcha avtobuslarga kuzatuv kameralari o‘rnatiladi hamda JPC tizimi orqali nazorat qilinadi.

Ta’kidlanishicha, Samarqandda qulay transport tizimini yaratish loyihasining  yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, olib kelinishi rejalashtirilgan avtobuslar zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Shuningdek, naqd pulsiz to‘lov turiga mo‘ljallangan, isitish-sovutish tizimi mavjud hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun bir qator qulayliklarga ega.