Samarqandlik 20 yoshli yigit ikkinchi marta avtomobil bilan bog‘liq jinoyatni sodir etdi

Sudlanuvchi Qahramon Botirov ilgari jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 21 iyundagi hukmiga ko‘ra, Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish haqidagi 266-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan va unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 22 fevraldagi ajrimi bilan o‘talmagan 2 yil 9 oy 1 kun axloq tuzatish ishlari jazosi shu muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Ozodlikni cheklash jazosini o‘tash davomida navbatdagi jinoyatni sodir etgan. Bu safar u sudlanuvchi Abdumalik bilan jinoiy til biriktirib, Samarqand shahrida, tanishlarining uyi yonida qoldirilgan “VAZ-2106” rusumli avtomashinani olib qochgan.

Ikkovlon mazkur transport vositasining bir donasining bahosi 80 AQSh dollarlik “Pioner” nomli magnitafonini, bir juft - bahosi 500 ming so‘mlik “Kenwood” nomli kolonkasini, bir dona - 50 AQSh dollarlik ovoz kuchaytirgich uskunasini va bahosi 850 ming so‘mlik avtomashina kalitlari jamlanmasini hamda ushbu avtomashinaning qo‘lqop qutisi (bardachok)da turgan, bahosi 1 million 500 ming so‘mlik kumush zanjirini, jami 13 million 169 ming 87 so‘mlik mol-mulklarini talon-toroj qiladi.

Bundan tashqari, avtomashinaning qo‘lqop qutisi (bardachok)da turgan mazkur avtomashinaning qat’iy hisobda turuvchi avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasini, jabrlanuvchining fuqarolik pasportini, haydovchilik guvohnomasi va talonini, sug‘urta polisini g‘arazgo‘ylik va boshqa past niyatlarda yo‘q qilib yuborishgan. Avtomashinani esa Samarqand shahridagi tanishi Nasriddinning yashash uyiga olib borib, yashirib qo‘yishgan.

Xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, degan gap bor. Qahramon buning nechog‘lik teran mazmunga egaligini o‘z taqdiri misolida guvohi bo‘ldi. Bir haftaga qolmay, mashina egasiga qaytarildi. Ammo...

Sudning hukmiga ko‘ra, Qahramon 1 yil 2 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, unga 6 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilab qo‘yildi.

J.G‘AYBULLAYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi.