Samarqandlik Diyora Keldiyorova dzyudo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempioni bo‘ldi

20 aprel, shanba kuni BAAning Fujayra shahrida dzyudo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionati boshlandi.

Kattalar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham ishtirok etmoqda. 52 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Diyora Keldiyorova barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioni bo‘ldi.

Diyora oltin medali uchun kechgan final bellashuvida mo‘g‘ulistonlik Sosorbaram Lxagvasurendan ustun keldi. U finalga qadar avstraliyalik Kimberley Chalmers, koreyalik Da Sol Park, KXDR vakilasi Sim Song Rimni taslim etishga erishdi.

U 1998 yil Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya universiteti talabasi.

Sportning yakka kurashiga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi murabbiyi Xurshida Xalikova qo‘l ostida shug‘ullanadi.

2015 yil Bosniya Gersogoviniyaning Sarayeva shahrida o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan.