Samarqandlik ikki dzyudochi – Davlat Bobonov oltin, Muhammadkarim Xurramov kumush medalga ega bo‘ldi

Avval xabar berganimizdek, Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Osiyo-Okeaniya chempionati o‘tkazilmoqda.

Bugun mazkur nufuzli musobaqaning kechki dasturida viloyatimizning yana ikki vakili 90 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda yurtimiz sharafini himoya qilgan Davlat Bobonov finalda yaponiyalik Shoichiro Mukaiga qarshi oltin medal uchun tatamiga chiqdi. G‘alaba Bobonov 15 o‘rindan 10 o‘ringa ko‘tarilishini bildiradi. Musobaqada u Mukaini yengib, oltin medalga ega chiqdi.   

Shuningdek, -100 kilogramm vazndagi dzyudochimiz Muhammadkarim Xurramov Osiyo-Okeaniya chempionligi uchun yaponiyalik Aaron Volf bilan to‘qnash keldi. Afsuski, Muhammadkarimga g‘alaba nasib etmadi, u kumush medal bilan kifoyalandi.

Bu natijalar bilan ikkala sportchimiz ham Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun to‘planayotgan ochkolarini oshirib oldi.