Samarqandni “Yashil shahar”ga aylantirishda jamoatchilik fikriga e’tibor qaratiladi

Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), viloyat va shahar hokimliklari hamda "AYeSOM" kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda “Yashil shahar” loyihasi borasida aholi fikrlarini o‘rganish maqsadida turli hamkor sohalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Unda shaharning kelajakdagi atrof-muhit muammolarini hal etish bo‘yicha infratuzilma investitsiyalari va ma’muriy-huquqiy tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lumki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan mazkur loyiha viloyat hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Uni amalga oshirishdan maqsad - Samarqand shahridagi ekologiya va atrof-muhit muammolarini bartaraf etish uchun xorijiy sarmoya kiritish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishdir.

Taqdimotda mazkur loyihalarni amalga oshirilishida samarqandliklarning fikrlarini inobatga olgan holda amalga oshirilishi alohida ta’kidlandi. Buning uchun fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlik qilish maqsadida ular o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, Samarqand shahrini eng chiroyli va yashil maskanga aylantirish uchun nima qilish zarurligi haqidagi tavsiya va g‘oyalar berishlari taklif qilindi.

-  “Yashil shahar” loyihasini amalga oshirishda shahrimiz aholisi, qolaversa, keng jamoatchilikning fikr va takliflari alohida e’tiborga olinadi, - deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. – Chunki shu yerlik aholi yashab turgan shahrining qaysi hududida dolzarb muammolar borligini yaxshi biladi. Loyiha tashkilotchilari qaysi hududda yo‘llardagi tirbandlik, ichimlik suvning tanqisligi, elektr energiyasi, bog‘, park, bolalar maydonchalari yetishmasligi kabi eng dolzarb masalalarni samarqandliklar hohishlari bilan tashkil etishga qaror qilishgan. Bu masalada sizlar ko‘mak berishlaringiz kerak.

Seminarda hamkor tashlotlar va keng jamoatchilik vakillaridan tuzilgan guruhlar tomonidan asosiy muammolar haqida fikr va tavsiyalar tinglandi.          

- Bugungi kunda dunyoning yirik 50 ga yaqin shahrida “Yashil shahar” harakati davom ettirilmoqda, - deydi YeTTB “Yashil shahar” xalqaro loyihasi maslahatchilari guruhi rahbari Djessi Xani. - Ularga Turkiyaning Izmir, Gaziantep, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidan Dushanbe, Chimkent, Olmaota, Bishkek kabi shaharlar qatoriga Samarqand shahri ham qo‘shildi. Harakatlar rejasi viloyat hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yaqin 15 yilga mo‘ljallangan ushbu harakatlar rejasi xalqaro va mahalliy maslahatchilar guruhi tomonidan asosiy ekologik va atrof-muhit muammolarni tahlil qilish va baholash natijalari asosida tayyorlangan.

Seminarda bir necha bosqichlarga bo‘lingan holda amalga oshiriladigan mazkur loyiha ishlari «AYeSOM» (AQSh) kompaniyasi rahbarligidagi bir guruh xalqaro va mahalliy mutaxassislar tomonidan shaharning barcha ekologik muammolar o‘rganib chiqilganligi ta’kidlandi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.