Samarqandning milliy reytingdagi o‘rni mas’ullar ishtirokida muhokama etildi
2020-2021 o‘quv yili yakuni bo‘yicha respublika umumta’lim muassasalarining milliy reytingi e’lon qilindi. Mazkur reytingda sakkiz indikator bo‘yicha Samarqand viloyati o‘ninchi o‘rinni egalladi.
Viloyat tuman va shaharlari, umumta’lim maktablarining milliy reytingdagi natijalari bugun viloyat hokimi E.Turdimov tomonidan ta’lim sohasi mas’ullari ishtirokida muhokama qilindi.
Bugungi kunda viloyatda 1259 ta maktab, jumladan, 5 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 55 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda 8 ta maxsus maktab-internati, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 1 ta mehribonlik uyi, 1 ta malaka oshirish hududiy markazi faoliyat yuritmoqda.
– Respublika milliy reytingida viloyatimizda 16 tuman va shahardan 244 ta maktab, 5412 nafar o‘quvchi ona tili fanidan va 5349 nafar o‘quvchi matematika fanidan nazorat ishlarida, 9760 nafar o‘qituvchi va 5489 nafar o‘quvchilar ijtimoiy so‘rovnomada ishtirok etdi, – deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi rahbari G‘.Boboxolov. – Respublika bo‘yicha 207 tuman va shahar orasida Paxtachi tumani 53, Jomboy tumani 57 va Toyloq tumani 58-o‘rinda qayd etildi va mazkur hududlar viloyatimizda yetakchi bo‘ldi. Kattaqo‘rg‘on (189), Urgut (183) va Qo‘shrabot (173) tumanlari esa reytingda quyi o‘rinlardan joy oldi. Maktablar orasida esa Ishtixon tumanidagi 1-IDUM respublikada 25 va viloyat bo‘yicha birinchi o‘ringa, Past Darg‘omdagi 1-IDUM respublikada 45, viloyatda ikkinchi, Oqdaryodagi 52-IDUM respublikada 58 va viloyatda uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. O‘z navbatida, Narpay tumanidagi 63-maktab, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 37-maktab va Samarqand shahridagi 78-maktab eng quyi o‘rinlarda qayd etildi.
Reytingda bitiruvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati darajasi, 11-sinf bitiruvchilarining bandligi, o‘quvchilar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar soni, pedagoglarning sifat tarkibi, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning chet tilarni bilish darajasi, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va o‘quv-tarbiyaviy muhitni qo‘llab-quvvatlash uchun tuman, shahar mahalliy byudjetining orttirilgan mablag‘lari hisobidan qilingan qo‘shimcha xarajatlar hajmiga ham baho berilgan.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan muhokamada har bir indikator bo‘yicha natijalar tahlil qilinib, quyi o‘rinlarda qayd etilgan tuman va shaharlar, umumta’lim maktablari mas’ullaridan izoh so‘raldi. Avvalgi yillarda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolarni hal qilish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
– O‘tgan yil Urgut va Past Darg‘om tumanlarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida bu hududlardagi maktablarga oliy o‘quv yurtlarini biriktirgandik, – dedi E.Turdimov. – Dastlabki natijalar bu tajriba o‘zini oqlaganini ko‘rsatmoqda va kelgusi yilda milliy reytingda ham o‘z aksini topishiga ishonamiz. Shundan kelib chiqib, viloyatimizdagi ta’lim sifati past 200 ta maktabda ham shu tajribani qo‘llaymiz. Oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, kafedra mudirlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari, tuman va shaharlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, xalq ta’limi bo‘lim mas’ullari maktablarga biriktiriladi. Har bir ta’lim muassasasi bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
Shuningdek, ta’lim xodimlari malakasini oshirish hududiy markazining o‘qituvchilar bilan ishlar borasidagi mas’uliyati oshiriladi. O‘quvchilar bandligi masalasini viloyat bandlik boshqarmasi monitoring qiladi, ularni ish bilan ta’minlash chorasini ko‘radi. Jinoyatchilik masalasida viloyat IIB boshlig‘i monitoring yuritadi. Maktabda bitta jinoyat bo‘lsa, birinchi navbatda sektor rahbari va maktab direktori javob beradi. Muhokamasi viloyat hokimligida o‘tkaziladi. Umuman, ta’lim bilan faqat shu soha mas’ullari emas, barchamiz shug‘ullanamiz.