SamDChTIda ilmiy-metodik markaz tashkil etiladi, unga xorijlik o‘qituvchilar jalb qilinadi
Samarqand davlat chet tillar institutida xorijiy tillar bo‘yicha barcha ta’lim bosqichlari uchun uzviylikda faoliyat yurituvchi kompleks malaka oshirish va qayta tayyorlash ilmiy-metodik markazi tashkil etiladi. Bu haqda institutda navbatdan tashqari yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Institutda xorijiy tillarni o‘qitadigan va abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlaydigan markazlar ochilgan. Ushbu markazlarda har yili ikki mingdan ortiq abituriyent xorijiy tillarni o‘rganadi.
Kelgusida har yili markazlarda xorijiy tillarni o‘rganadigan abituriyentlar soni 5 ming nafarga yetkaziladi hamda mazkur markazlarga Britaniya Kengashi, AQSh elchixonasi, Gyote instituti, Alyans Fransez, KOICA, Konfutsiy instituti hamda DAAD tashkilotlari bilan hamkorlikda xorijlik o‘qituvchilar jalb qilinadi va kechki o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Natijada kurslarda nafaqat abituriyentlar, balki o‘qituvchilar ham tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Tashkil etilajak ilmiy-metodik markazda qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilib, xalqaro tillar bo‘yicha sertifikatlarni berish imkoniyatlari kengaytiriladi. Bundan tashqari, ushbu markazda maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlarni, turli sohalar mutaxassislarini, biznes vakillari va tadbirkorlarni chet tillar bo‘yicha 6 oylik intensiv qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi imkoniyatlar ham mavjud bo‘ladi. Talabgorlar o‘z ixtiyoriga ko‘ra, an’anaviy va masofaviy ta’lim shaklida malaka oshirishi mumkin.
Tizimga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etiladi hamda elektron ta’lim platformasi orqali tinglovchilarga onlayn ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, chet tillari bo‘yicha qabul kvotalari soni ikki baravar ko‘paytirilib, 16 mingtaga yetkaziladi, davlat granti esa 3 baravarga oshiriladi.
Samarqand davlat chet tillar instituti axborot xizmati.