SamDChTIda Ingliz tilini bilish darajasini aniqlash markazi ochilishi rejalashtirildi

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyoda Fulbrayt (Fulbright Programs) dasturlari bo‘yicha koordinatori Julia Findlay dastur doirasida O‘zbekiston oliygohlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish va kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Samarqand davlat chet tillari institutida bo‘ldi.

Uchrashuv doirasida SamDChTI rektori I.To‘xtasinov AQSh elchixonasi bilan o‘zaro hamkorlik borasida o‘z takliflarini bildirdi.

- Institutimizning  AQSh elchixonasi bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilgani talabalarning ingliz tilini mukammal o‘rganishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi I.To‘xtasinov. – Jumladan, 2015-2019 yillar davomida Shimoliy Arizona universiteti o‘qituvchisi Endryu Mobs, Blyudata xalqaro instituti o‘qituvchisi Elis Britan hamda Reter Barsumlarning faoliyati, talabalarga o‘rgatganlari e’tirof etishga arziydi. Bu borada hamkorlikni rivojlantirgan holda ingliz tilini bilish darajasini aniqlash testlarini tashkil etish markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari AQSh elchixonasi tomonidan tashkil etilgan “Amerika adabiyotlari markazi” faoliyati va unga taqdim etilgan 700 dan ortiq zamonaviy ingliz tili o‘quv adabiyotlari bilan tanishdi.

K.ABDUHAKIMOVA,

SamDChTI talabasi.