SamDChTIda Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yangi ta’lim dasturlari tashkil etiladi
Kecha, 27 aprel kuni Turkiyaning Samarqand shahridagi Bosh konsuli Salix Janer Samarqand davlat chet tillar instituti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va uni rivojlantirish maqsadida institut rektori Ilhomjon To‘xtasinov bilan uchrashdi.
- Institut xorijiy tillarni o‘qitish, turizm va pedagogika sohalarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mintaqada yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Hozirda bizda ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, arab, xitoy, koreys, yapon va rus tili kabilar asosiy xorijiy til sifatida, shuningdek, indonez, hind, fors va turk tillari esa ikkinchi chet tili sifatida o‘qitilib kelinmoqda, – deydi uchrashuv jarayonida institut rektori Ilhomjon To‘xtasinov. - Janubiy Koreya, Malayziya, Xitoy va Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarning nufuzli oliygohlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan va hozirda institutda 12 nafar tajribali xorijlik mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Samarqand davlat chet tillar instituti va Turkiya universitetlari o‘rtasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini joriy etish, turkiyalik talabalarni yozgi kurslarga taklif etish, institutda turk tili ikkinchi chet tili sifatida o‘qitilayotganligi bois turk tili mutaxassislarini jalb qilish hamda turk tilini mukammal o‘qitishni yo‘lga qo‘yish kabilar muhokama qilindi.
Samarqand davlat chet tillar instituti axborot xizmati.