SamDTI "Elsevier" tashkiloti bilan hamkorlik qiladi

Bugun, 21 dekabr kuni Samarqand davlat tibbiyot institutiga «Elsevier» tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ishlar boshqaruvchisi N.Ismoilov tashrif buyurdi.

Tashkilot bugungi kunda dunyodagi eng katta ilmiy ma’lumotlar bazasi hisoblanadi. Tashkilotning maqsadi jahonda ilm-fanni rivojlantirishdan iborat. Shu bois u 5 mingdan ortiq nashriyot va 23 ming ilmiy jurnalni birlashtiradi va dunyoning 7 milliondan ziyod tadqiqotchilari ulardan foydalanadi. "Elsevier" tashkiloti bazasida 2019 yilda eng ko‘p o‘qiluvchi va eng ko‘p havola beriluvchi ilmiy jurnallar qamrab olingan.

Tashrif davomida Aliya Ospanova institutda o‘quv jarayonining tashkil etilishi, axborot-resurs markazi, test markazi, elektron kutubxona va simulyasion ta’lim markazini ko‘zdan kechirdi. Institutda yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi.

SamTI rektori, professor A.Shamsiyev va A.Ospanova dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahliliy reyting platformalaridan foydalanish, muallif-olimlar reytingi, ilmiy jurnallar, tashkilotlar, universitetlar reytinglarini oshirish imkoniyatlari kabi masalalar to‘g‘risida fikr almashdi. Institut rahbariyati «Elsevier» tashkiloti bilan hamkorlik qilish rejalari to‘g‘risida kelishib oldi.

Odilbek AHMEDOV.