SamDU professor-o‘qituvchi va talabalari akademik Botirxon Valixo‘jayevni eslashdi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, atoqli adabiyotshunos olim Botirxon Valixo‘jayev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan adabiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirda adabiyotshunos olimlar, allomaning shogirdlari, filologiya fakultetining yuqori kurs talabalari, universitet qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan “Shalola” ijodiy to‘garagi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Unda alloma qoldirgan boy adabiy merosning bugungi kun uchun ahamiyati, olimning iste’dodi, kamtarinligi, odamoxunligi xususida gap bordi.
– Men ustoz B.Valixo‘jayev bilan ko‘p yillar yonma-yon ishladim, - dedi filologiya fanlari doktori, professor Erkin Musurmonov. – U kishi biz, shogirdlariga nisbatan juda g‘amxo‘r va oliyjanob edilar. Parvona shamga intilgani kabi, biz, yoshlar doim u kishining suhbatlariga talpinardik. O‘sha davrda ustozni “Samarqandning birinchi raqamli ziyolisi” deyishardi. Bundan tashqari, ustoz moddiy jihatdan qiynalib qolgan yoshlarga iloji boricha yordam berardi.
- Buyuk shoir Hazrat Mir Alisher Navoiy ijodini o‘rganish va tadqiq qilish, mumtoz adabiyotimiz tarixini ommalashtirishda akademik Botirxon Valixo‘jayevning xizmatlari beqiyos, - dedi filologiya fanlari doktori Nazmiya Muhiddinova. – Men yosh olim sifatida u kishining suhbatlaridan bahramand bo‘lganimdan, adabiyotshunoslik ilmi siru-asrorlari haqidagi qimmatli mulohazalarini tinglaganimdan g‘oyat baxtiyorman.
Minbarga shoir Yor Muhammad taklif etilgach, adabiy kecha ijodiy uchrashuv, jonli adabiy muloqotga aylanib ketdi.
– Men ulug‘ alloma Boturxon domla bilan qilgan qator suhbatlarimni yodga olar ekanman, buyuklik soddalik va kamtarlikda ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim, - dedi Yor Muhammad. – Ustoz nihoyatda sodda, kamtar, kamsuqum, olijanob, fidoyi va ayni paytda juda kuchli ilmiy salohiyatga ega inson edilar. Registon maydoni orqasida joylashgan uyidan qariyb 50 yil mobaynida universitetga piyoda qatnaganlar. Bir kuni u kishidan "Nimaga ishga taksida bormaysi", deb so‘raganimda “Registonda Hazrat Navoiyning izlari bor. Undan sal narida ulug‘ Sohibqiron Amir Temur mangu qo‘nim topgan. Men ularning yonidan qanday qilib mashinada o‘tib ketaman” deb javob bergandilar.
Munira Abdurahmonova.