SamDU talabalari o‘rtasida janjal kelib chiqdi

Joriy yilning 4 mart kuni ijtimoy tarmoqlarda “Samarqand shahar Alisher Navoiy bog‘ida bir guruh talabalar o‘zaro janjallashmoqda” nomli videorolik tarqaldi.

Holat Samarqand viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi. Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida janjallashgan shaxslar Samarqand davlat universiteti tarix fakultetining 1-bosqich, 101 va 105 guruh talabalari ekanligi aniqlandi.

Mazkur janjalning asosiy sababi, SamDU 101-guruh talabasi, 1997 yilda tug‘ilgan, Jomboy tumani Sherqo‘rg‘on MFYda ro‘yxatda turuvchi T.I. va 105-guruh talabasi 2001 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahar Shodlik MFY S.Buxoriy 2-tor ko‘chasida yashovchi T.A.lar dars jarayonida o‘tirish uchun o‘zaro stol talashib, janjal boshlangan.

Shu kuni soat 12:20 larda dars tugagandan so‘ng ular Samarqand shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘iga borib, 101-guruh talabalari - 1996 yilda tug‘ilgan, Jomboy tumani Taldirazoq MFYda yashovchi O.Z., 1997 yilda tug‘ilgan, Past Darg‘om tumani Juma shahri Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi R.O.lar hamda 105-guruh talabalari - 2000 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahar Oydin yo‘l ko‘chasida yashovchi fuqaro A.S., 1999 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahar Muliyon 2 MFYda yashovchi fuqaro T.Sh.lar o‘zaro janjallashib, bir-biriga tan jarohati yetkazishgan.

Samarkand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.