SamDUda Ishoqxon To‘ra Ibratning 160 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat universitetida milliy uyg‘onish davrining faol ijodkorlaridan biri, serqirra iste’dod sohibi, shoir, pedagog, tilshunos, tarixshunos olim, sayyoh, xattot va rassom Ishoqxon To‘ra Ibratning 160 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbek ma’rifatparvarlarining yorqin yulduzi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyat va shahar bo‘limlari, oliy va o‘rta ta’lim vazirligi, universitetning filologiya fakulteti hamkorligida tashkil etildi.

Unda Ishoqxon To‘ra Ibratning hayoti va ijodi haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.

- Ishoqxon Ibrat 1862 yilda ziyoli oilada Qo‘qonda tug‘ilgan, - dedi  filologiya fanlari doktori, dotsent Mahfuza Davronova. – Uning onasi uyida maktab ochib, qizlarga o‘qish-yozishni o‘rgatgan. Ishoqxon Ibratning 6 tilni mukammal bilishi, olim bo‘lib yetishida onasining ta’lim-tarbiyasi katta rol o‘ynagan. U ulg‘aygach, bolalar uchun maktablar ochgan, xalqimizni ilmli-ma’rifatli bo‘lishga chorlagan. Namanganda ilk bosmaxonga ochishga erishgan. Shuningdek, bir qancha ilmiy-ma’rifiy asarlar yozgan. Biroq, Ishoqning “Farg‘ona tarixi” asari va “Devon”i bizgacha yetib kelmagan.

Ilmiy anjumanda Ishoqxon To‘ra Ibratning asarlari mazmun-mohiyatiga ham to‘xtaldi.

- Uning “Mezoni zamon” asarida insonlarni baxtli yashashi uchun to‘qqizta mezonga amal qilishi haqida gap ketadi, - dedi filologiya fakulteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Nazmiya Muhiddinova. – Asarda tilga olingan mezonlarning barchasi inson hayoti davomida Qur’on va hadisga amal qilmoqligi uqtirilgan.

Tadbirda Ishoqxon To‘ra Ibrat taqdir hukmi bilan Istanbul, Sofiya, Makka shaharlarida bo‘lgani, arab, fors, urdu, ingliz tillarini mukammal o‘rgangani haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, u 1937 yilda qatag‘on qurbonlari safida qamoqxonada vafot etgan. Hukumatimiz tomonidan qatag‘on qurbonlarining nomlari oqlandi, endi ular qoldirgan ma’naviy-ma’rifiy merosni o‘rganish burchimizdir.

Anjuman so‘ngida universitetning “Shalola” to‘garagi a’zolari adibning she’rlaridan yod o‘qidi.