SamDUda PhD. dissertatsiyasi ilk bor onlayn tarzda himoya qilindi

Koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha joriy qilingan karantin sharoitida izlanuvchilar va mutaxassislarning sog‘lig‘ini asrash, ortiqcha harakatlarning oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2020 yil 13 mayda 278/3-son qaroriga muvofiq, attestatsiya jarayonini samarali amalga oshirish maqsadida ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlarga karantin talablariga qat’iy rioya kilgan holda tajriba-sinov tariqasida dissertatsiyalar himoyasini onlayn (masofaviy) shaklda o‘tkazish yuklatildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 5 iyun kuni Samarqand davlat universitetida ilk bor PhD. 03/30.12. 2019. Tar.02.10 raqamli Ilmiy kengash navbatdagi majlisini onlayn shaklda o‘tkazdi. Mazkur kengashda 07.00.01– “O‘zbekiston tarixi” ixtisosligi bo‘yicha tadqiqotchi Sunnatullo Muhiddinovning “XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand viloyati maorifi” mavzusidagi PhD dissertatsiyasi onlayn shaklda muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Dissertatsiyaning onlayn himoyasida talabgor, ilmiy rahbar, rasmiy opponentlar va ilmiy kengash a’zolari o‘zlari faoliyat olib borayotgan OTM (SamDU, BuxDU, QarDU, TerDU, TDShI)da turib ishtirok etdi. Himoya kuni talabgorga yashirin ovoz berish Bosh ilmiy-metodik markazi platformasi  (http://himoya.bimm.uz) orqali amalga oshirildi.

Bundan keyin ham Ilmiy kengash respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yo‘nalishi doirasida bajarilgan dissertatsiya ishlari himoyasini onlayn shaklda o‘tkazishda karantin talablari va nizomlar tartib-qoidalariga, jumladan, OAK qarorida keltirilgan dissertatsiyalar himoyasini onlayn (masofaviy) shaklda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarga rioya qilgan holda, o‘z faoliyatini samarali davom ettiradi.

Ushbu kengash qoshidagi ilmiy seminarda 2020 yil iyun oyida 3 ta dissertatsiya ishlarini dastlabki onlayn muhokamadan o‘tkazish rejalashtirilgan. Buning natijasida kengash yoz oylarida ham o‘z faoliyatini davom ettirib, dissertatsiyalar himoyasini onlayn shaklda tashkil etadi.

Go‘zal NORMURODOVA,

SamDU Ilmiy kengashi kotibi.