SamDUda Samarqand tarixi chuqur o‘rganiladi

Samarqand davlat universitetida Samarqand tarixini o‘rganish, shaharning rivojlanish xususiyatlarini ochib berish, har bir tarixiy davrini ilmiy va amaliy jihatdan tadqiq etish maqsadida “Samarqand tamadduni tarixi” kafedrasi tashkil etildi.

- «Yer yuzining sayqali», «Musulmon olamining qimmatli gavhari», «Yer yuzining porloq nuqtasi», «Sharq Rimi», «Sharq jannati», «Sug‘dning mashhur bozori» deb ta’riflangan Samarqand shahri jahon sivilizatsiyasining qadimgi markazlaridan biri bo‘lib, butun dunyo madaniyati taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan, - deydi ushbu kafedra mudiri S.Muhiddinov. – Shu jihatdan universitetda Samarqandning eng qadimiy davridan hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini sohaviy, davriy nuqtai nazardan to‘liq ochib berish maqsadida arab, fors va turkiy tillarini mukammal biladigan mutaxassislar tayyorlashga, tarixchi mutaxassislarining nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lashga, Samarqand tarixini xalqaro darajada obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish va chet elliklarning qiziqish hamda intilishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qilinmoqda.

Shu maqsadlarga erishish uchun kafedraning faoliyati Samarqand tarixini kompleks tarzda xolisona yoritish, ilmiy muomalaga kiritilmagan qo‘lyozma va toshbosma shaklidagi manbalarni o‘rganish, Zarafshon vohasi arxeologiyasi, etnografiyasi, toponomikasi, numizmatikasi, epigrafikasi, o‘lkashunosligi, madaniyati va me’morchiligi kabi sohalarni yanada chuqurroq tadqiq etishdan iborat.

Shuningdek, Samarqand tarixiga oid xorijning ilmiy markazlarida olib borilgan barcha tadqiqotlar va adabiyotlar katalogini yaratish maqsad qilingan. O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi, taraqqiy topishini tadqiq etish, ilm-fan, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va yoshlarda Samarqand tarixi haqidagi chuqur bilimlarni shakllantirish kafedraning oldiga qo‘ygan maqsadlaridan hisoblanadi.