SamDUda Nobel mukofoti sohibi ishtirokida miya saratonini davolashga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi
Samarqand davlat universitetida kimyogar olim, Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjarning “Miya saratonini davolashning innovatsion usullari” mavzusiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Professor Aziz Sanjar saraton tufayli zarar ko‘rgan DNKni tuzatish, saraton kasalligini davolash va biologik soat bo‘yicha o‘z tadqiqotlari natijasida 415 ta ilmiy maqola va 33 ta kitob nashr etgan. Olim saraton kasalligini davolash maqsadida olib borgan tadqiqotlari natijasida turli ilmiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Aziz Sanjar DNKni tiklash bilan bog‘liq bo‘lgan tadqiqotlari uchun amerikalik Pol Modrich va shved Tomas Lindahl bilan birgalikda kimyo fanlari bo‘yicha 2015 yilgi Nobel mukofotini oldi. Bu uch tadqiqotchi 30 yil davomida bir-biridan mustaqil ishlab, DNKni tiklash mexanizmlarining biokimyoviy jihatlarini kashf etgan.
Uchrashuvda olim universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarga miya saratonini davolash ustida olib borgan ilmiy tadqiqotlari haqida so‘zlab berdi. Miya saratonini oldindan aniqlash, zararlangan hujayralarni topish va davolash muolajalarini olib borishning innovatsion usullarini slaydlar orqali tushuntirdi.
Shundan so‘ng universitet rektori Rustam Xolmurodov oliy ta’lim muassasasida Aziz Sanjar nomidagi stipendiya ta’sis etilganini e’lon qildi. Ushbu stipendiyaga sazovor bo‘lgan kimyo fakulteti magistranti Shuhrat G‘aybullayev va kimyo fakulteti 3-kurs talabasi Komila Bebitovaga olimning o‘zi guvohnoma va medallar topshirdi.
Uchrashuvda Turkiyaning TUBITAK fondi prezidenti Hasan Mandal qatnashib, fond tomonidan o‘zbekistonlik talabalarga beriladigan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbir so‘nggida Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjarga do‘ppi, to‘n va Samarqand davlat universitetining esdalik medallari topshirildi.
Xurshida ERNAZAROVA.