SamDUning 38 nafar talabasi o‘qishni Rossiyada davom ettiradi
Samarqand davlat universiteti Rossiya Federatsiyasining oltmishga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatgan.
- Samarqand davlat universiteti va Stankin Moskva davlat texnologiya universiteti o‘rtasida 2019 yilda memorandum imzolangandi, - deydi universitetning xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti dekani o‘rinbosari Azamat Ahmedov. - Unga ko‘ra, tomonlar 2+2 dasturi asosida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularga ikki tomonlama diplom berishga kelishib olingan.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining 38 nafar talabasi Stankin Moskva davlat texnologiya universitetida yangi o‘quv yilini boshladi.
- Ko‘tarinki kayfiyatdamiz, bizga bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti 3-bosqich talabasi Diyorbek Isomiddinov. – Samarqand davlat universitetining xalqaro hamkorlikdagi loyihalari allaqachon amaliy ishlarga ko‘chdi. Buni o‘qishga kirganimda aytishganida tasavvur qilolmagan edim. Nafaqat biz, balki ota-onalarimiz, ustozlarimizning ham quvonchi cheksiz.
O‘tgan o‘quv yilida ushbu oliygohda SamDUning 16 nafar talabasi mexatronika va robototexnika yo‘nalishida ta’lim olib, ikki taraflama diplomlarga ega bo‘ldi. Xususan, joriy yilning 14 sentyabr kuni yana 8 nafar magistrant amaliyot o‘tash uchun Moskvaga yo‘l oladi.
Moskva davlat texnologiya universitetidan har o‘quv yilida 25 nafar talabaning Samarqand davlat universitetida ta’lim olishi belgilangan. Hozirgi kunda universitet ushbu talabalarning kelishiga hozirlik ko‘rmoqda.
Otabek SA’DULLAYeV,
SamDU axborot xizmati xodimi.