SamDUning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti, Toyloq agrotexnologiyalar va Jomboy pedagogika texnikumlari tashkil etildi

Bugun Samarqand davlat universiteti kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda universitetda yangidan tashkil etiladigan fakultet va kafedralar hamda ular faoliyatining istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni bilan belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va “Samarqand davlat universitetida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha 2020 yil uchun yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar asosida universitet tuzilmasiga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, universitet kengashining qarori bilan universitetda 3 ta fakultet, 7 ta mutaxassislik kafedralari va bitta markaz tashkil etildi. Jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida agrar sohani yanada rivojlantirish muhim va dolzarbligi, mintaqamizda soha mutaxassislariga bo‘lgan talab hamda ehtiyojning yuqoriligidan kelib chiqqan holda “Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi” fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

- Mamlakatimizda agrar tarmoqni rivojlantirish, soha uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan dolzarb vazifalardan biridir, - dedi SamDU rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmuradov. – Chunki bu sohada ilm, innovatsiya, texnologiya hamda tajriba borasida saviyali mutaxassis-kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj nihoyatda yuqori. Katta salohiyatga ega universitetda bunday fakultetning ochilishi zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Tashkil etilayotgan fakultetda dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish, yer va suvdan oqilona foydalanish ko‘nikmasiga ega zamonaviy-agronom kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida “Huquqshunoslik” va sirtqi ta’lim shaklida ta’limni yanada samarali tashkil etish uchun “Sirtqi ta’lim” fakultetlari tashkil etildi. Mazkur fakultetlarda 2020-2021 o‘quv yilidan “Fuqarolik jamiyati va milliy g‘oya”, “Huquqshunoslik va huquq ta’limi”, “Iqtisodiyot va menejment”, “Agrokimyo va o‘simliklarni himoya qilish”, “Meva-uzumchilik va sabzavotchilik”, “Tuproqshunoslik va agrotexnologiyalar” kafedralari va “Masofaviy ta’lim” markazi faoliyat ko‘rsata boshlaydi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan Samarqand davlat universiteti huzurida Toyloq agrotexnologiyalar va Jomboy pedagogik texnikumlari  tashkil etildi.

Dilmurod DO‘STMURODOV.